Prezident qarori: Birja savdosi mexanizmlari takomillashtiriladi

  • 13:09 / 09.10.2019
  • 303

Foto : Prezident Matbuot xizmati

Mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, barcha xoʻjalik yurituvchi subyektlar uchun yuqori likvidli va monopol mahsulotlarni sotib olishda teng sharoitlar yaratish hamda respublikada birja savdosini faollashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tovar-xomashyo birjalari faoliyati samaradorligini oshirish va birja savdosi mexanizmlarini yanada takomillashtirish choralari toʻgʻrisida”gi qarori e’lon qilindi.

Belgilanishicha, 2020-yil 1-yanvardan boshlab,

ustav fondi (kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan yuridik shaxslar yoki ustav fondi (kapitali)ning 50 foizi va undan ortigʻi 50 foiz va undan ortiq miqdorda davlat ulushiga ega yuridik shaxsga tegishli boʻlgan yuridik shaxslar (keyingi oʻrinlarda – davlat ulushi mavjud tashkilotlar) tomonidan ishlab chiqariladigan yuqori likvidli va monopol mahsulotlarning bir qismi Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan oʻrnatiladigan kvotalar boʻyicha faqat birja savdolari orqali eksport qilinadi;
monopolist korxonalar va davlat ulushi mavjud tashkilotlar tomonidan texnik moy, omuxta yem, xoʻjalik sovuni, neft eritkichi, neft parafini va mis kuporosi ichki bozorda faqat birja savdolari orqali bozor tamoyillari asosida barcha toifadagi xaridorlarga birja savdolarida qatnashish imkoniyati teng taʼminlangan holda realizatsiya qilinadi;

mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan shakar ichki bozorda faqat birja savdolari orqali bozor tamoyillari asosida barcha toifadagi xaridorlarga birja savdolarida qatnashish imkoniyati teng taʼminlangan holda realizatsiya qilinadi, respublikaning olis va yetib borish qiyin boʻlgan hududlarida joylashgan isteʼmolchilarga toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma asosida oʻz savdo tarmoqlari orqali sotiladigan, umumiy ishlab chiqarish hajmining 10 foizidan oshmaydigan hajmi bundan mustasno;

monopolist korxonalar va davlat ulushi mavjud tashkilotlar tomonidan isitish yoqilgʻisi, yoqish mazuti, suyultirilgan gaz va neft bitumi faqat birja savdolari orqali bozor tamoyillari asosida barcha toifadagi xaridorlarga birja savdolarida qatnashish imkoniyati teng taʼminlangan holda realizatsiya qilinadi, maxsus isteʼmolchilarga oʻrnatilgan tartibda toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar orqali sotiladigan hajmlar bundan mustasno;

birja savdolariga qoʻyilishi lozim boʻlgan, monopolist korxonalar
va davlat ulushi mavjud tashkilotlar tomonidan ichki bozorda toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar orqali realizatsiya qilinadigan yuqori likvidli va monopol mahsulot sotuvchilar tomonidan majburiy tartibda tovar-xomashyo birjalarida hisobga qoʻyiladi va ushbu maʼlumotlar tegishincha shartnoma tuzilgan va majburiyatlar bajarilgan vaqtdan boshlab uch kun muddatda birjaning rasmiy veb-saytida joylashtiriladi;

tovar-xomashyo birjalarida tomonlarning kelishuviga muvofiq birja savdolari qoidalari asosida chet el valyutasida import bitimlari tuzilishi mumkin. Bunda tuzilgan shartnomalar boʻyicha maʼlumotlar tovar-xomashyo birjalari tomonidan Valyuta operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga kiritiladi.


Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi Moliya vazirligi va Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi bilan birgalikda 2019-yil 1-noyabrga qadar yuqori likvidli va monopol mahsulotlarni tovar-xomashyo birjalarining birja savdolarida, shu jumladan, birja tovarlarini 1 oydan ortiq muddatga kechiktirib yetkazib berish sharti bilan oldi-sotdi bitimi (forvardlar) tuzish orqali realizatsiya qilish tartibini nazarda tutuvchi hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.


Belgilandiki, yuqori likvidli va monopol mahsulotlarni birja savdolariga qoʻyish jadvallari monopolist korxonalar va davlat ulushi mavjud tashkilotlar tomonidan tovar-xomashyo birjalarining rasmiy veb-saytlariga, zarur hollarda, har oyda yangilangan tarzda joylashtiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi yuqori likvidli va monopol mahsulotlarni birja savdolariga oʻrnatilgan tartibda qoʻyib borilishi ustidan nazoratni taʼminlaydi.

Birjada kamida 100 ta sotilgan (bepul taqdim etilgan) brokerlik oʻrinlari mavjudligi va birja faoliyatini amalga oshirishda tovar-xomashyo birjalari rahbarlari malaka talablariga muvofiqligi toʻgʻrisidagi shartlar va talablar bekor qilinadi.


Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasiga:


Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda monopolist korxonalar tomonidan yuqori likvidli va monopol turdagi mahsulotlarni birja savdolariga majburiy qoʻyish boʻyicha qarorlar qabul qilish;

birja savdolari qatnashchilari doirasini chegaralab qoʻyishning oldini olish uchun birja savdolariga qoʻyiladigan yuqori likvidli va monopol mahsulotlarning bitta lot boʻyicha maksimal hajmini qayta koʻrib chiqish yuzasidan tovar-xomashyo birjalariga koʻrsatmalar berish huquqi taqdim etiladi.

Qaror matni O‘zAda to‘liq keltirilgan.