Psixolog so‘rovi: Introvertmisiz yoki ekstravert?

  • 15:04 / 12.09.2019
  • 449

Introvertlar kimlar...

Introvertlar – ko‘proq o‘z kechinmalari va fikrlariga sho‘ng‘igan shaxslardir. Ularning quvvati o‘zini tahlil qilishga, ichki olamini o‘rganishga qaratiladi. Ekstrovertlar uchun ular odamovi, qo‘pol va g‘alati bo‘lib ko‘rinadi. Ba’zilar ularning xulq-atvorini psixologik muammo sifatida ham ko‘rishadi. 

Introvertlar shovqin-suronli bazmlar, to‘ylar, kechalar va yig‘ilishlardan ko‘ra, uyda qolishni, kitob o‘qish, serial ko‘rish, ijod bilan shug‘ullanishni ma’qul ko‘radilar. Suhbatlashishlariga munosib odam uchrasa, ulardan yaxshi suhbatdosh chiqadi. Hamkasblari yoki tanishlariga telefon qilishni yoqtirmaydi, zarur gapi bo‘lsa ham sms yuborishni ma’qul ko‘radi.

Introvertlardan, ko‘pincha faylasuflar, yozuvchilar, shoirlar, rassomlar, ixtirochilar chiqadi. Bunday odamlar o‘zi bilan yolg‘iz qolganida zerikishi mumkinligidan hech ham xavotir olmang.

Neyrobiologlarning fikricha, intorvertlar xulq-atvorining o‘ziga xos fiziologik sabablari bor. Ularning miya faolligi doimo yuqori darajada bo‘ladi.

Introvertlarda, ayniqsa peshona qismida – o‘ziga va o‘zidagi ichki jarayonlarga diqqat qilishni talab qiladigan jarayonlar uchun javob beradigan Broka markazida faollik ancha yuqori bo‘ladi. O‘zi bilan o‘zi suhbat qurishga moyillik shu bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. 

Ichki resurslarini tiklab olishi uchun bunday odamga yolg‘izlik juda muhim – to‘satdan uni buzish bu imkoniyatni yo‘qqa chiqaradi” – deydi psixolog Marti Leyni. 

Xillari Klinton, Uorren Baffet, Mark Sukerberg, Bill Geyts, Ilon Mask, Jonni Depp kabi zamondoshlarimiz, o‘tmishdagilardan Isaak Nyuton, Charlz Darvin, Albert Eynshteyn, Mahatma Gandi, Avraam Linkoln kabilar introvertlardir.

Ekstravertlar kimlar?

Ekstravertni jamoat joyida, biror davrada payqamaslikning iloji yo‘q. Yon-atrofdagi odamlar bilan suhbatlashish ular uchun olam bilan aloqada bo‘lishning muhim sharti. Ekstravertlarning bor quvvati boshqa odamlar bilan aloqalarga sarflanadi. Diqqat markazida bo‘lishni yaxshi ko‘radi, yangi tanishlarni tez va oson orttiradi, suhbatni birinchi bo‘lib boshlaydi.

Ekstravertlar anchagina faol, tashabbuskor. Ammo oniy istaklar ketidan quvishi va boshlagan ishini oxiriga yetkazmasligi mumkin. Qo‘ygan maqsadi o‘ziga yoqmay qolgunicha tog‘larni talqon qilishga tayyor bo‘ladi.

Shuningdek, ekstravertlar o‘zini tutib turolmasligi, agressivligi, kuch ishlatishga moyilligi bilan ajralib turadi.

Ekstravertlar o‘zining ochiqligi va muloqotga ustaligi, tanish-bilishlarining ko‘pligi tufayli karyerada yuqori pog‘onalarga ko‘tarilishi oson. Odamlar bilan muloqotni talab qiladigan sohalarda omadi yurishadi. Omma oldida nutq so‘zlashdan qo‘rqmaydi, uyalmaydi. Bunday odamlar hamma ishni jamoada qilishni yaxshi ko‘radi. Ularni “jamoaning yuragi” deyish mumkin. Faollikni talab qiladigan mashg‘ulotlar jon-u dili. O‘qishda hamma narsani biladigan a’lochiday taassurot qoldiradi, ammo egallagan bilimlari odatda yuzaki hamda o‘qituvchiga yaxshi ko‘rinish uchungina bo‘ladi. 

Ekstravertlar suhbatlashganida sifatga emas, miqdorga tayanadi. Ular uchun suhbat chuqur bo‘lishi muhim emas, introvertlar kabi bitta mavzuda uzoq va chuqur mulohaza qilishdan zerikishi mumkin. Yaxshisi ko‘p mavzuda yuzaki suhbat qurishni ma’qul ko‘radi. Suhbatdoshiga tik qaraydi, mimikasi, qo‘l harakatlari ancha faol. O‘zlarini xushmuomala, quvnoq tutishadi. Kimdir so‘ramasa ham yordamga shoshiladi. Qayerga, qaysi davraga kirib bormasin, kirishib ketishi juda oson. 

Ekstravertlar faqatgina muloqotdagi pozitiv hislardan emas, hatto janjal va tortishuvlardan ham quvvat olishi mumkin. Ko‘pincha optimistik, beg‘am, ko‘tarinki kayfiyatda bo‘ladi, muammolar va qiyinchiliklarni tez unutadi. Ammo bu xatolardan xulosa chiqarmaslikka sabab bo‘lishi mumkin. 

Ekstravertlar ba'zida o‘zining shoshqaloqligi, keraksiz gapni gapirib qo‘yishidan bezor bo‘ladi va jiddiy, bosiq ko‘rinadigan introvertlarga havas bilan qarashi mumkin.  
 

Manzura MUSAYEVA tayyorladi