Pul topish va klublarni xususiylashtirish – O‘FAning yangi rahbariyati nimalarga e'tibor qaratishi kerak?

  • 00:07 / 20.06.2019
  • 362

Foto: Tribuna.uz

Ravshan Ermatov O‘FA vitse-prezidenti etib saylangani yaxshi yangilik bo‘ldi. O‘zbek futbolidagi eng katta avtoritet bo‘lgan bu shaxsning xalqaro maydondagi muvaffaqiyatlari o‘zbek futboli rahbarligida ham qo‘l kelishiga ko‘pchilik umid qilmoqda. To‘g‘risi, futbolimizga ilk marta uning ichidagi inson rahbar bo‘ldi. Bungacha futboldan yiroq bo‘lgan ko‘plab insonlar bu lavozimlarni egallab kelishdi.

Oldingi rahbar Umid Ahmadjonov futbol uchun nimalardir qilishga intildi. Homiylik shartnomalari, chempionat o‘yinlari translatsiyasi, xorijlik murabbiyning kelishi (xorijlik murabbiy kelishi Ahmadjonovdan kattaroq insonlarning tashabbusi bo‘lganini ta'kidlash adolatli bo‘ladi) – bular albatta yaxshi o‘zgarishlar. Lekin keraksiz islohotlar ham ko‘p bo‘ldi. Masalan, PFLning yangi rahbariyati bekor qilgan bo‘yinbog‘ taqib yurish haqidagi topshiriq o‘ta mantiqsiz qarorlardan biri edi. Futbolni bunday narsalar bilan rivojlantirib bo‘lmaydi, axir.

Bundan tashqari, chempionat formati, reglament hadeganda o‘zgaraverishi yaxshi oqibatlarga olib kelmadi.

Bizningcha, Ravshan Ermatov yaxshi ishlashi uchun o‘zidan oldingi rahbarlar yo‘l qo‘ygan xatolarni ko‘rib chiqishi zarar qilmaydi. Xo‘sh, O‘FAning yangi rahbariyati nimalarga e'tibor berishi kerak?

Islohotlarga berilmaslik kerak

Odatda biror tashkilotga yangi rahbar tayinlansa, u yeng shimarib islohot qilishiga kirishadi. Islohotlar esa doim ham samara beravermaydi. Ba'zan shunchaki mavjud tizimning «murvatlarini burab qo‘yish»ning o‘zi kifoya. Futbolimizning oldingi rahbariyati mana shunday islohotga o‘chligi sabab ko‘p xato qildi. Bir qarasa tashkilotning, bir qarasa stadionning nomi o‘zgargan. Oqibatda bugungi rahbariyat o‘sha xatolarni tuzatish bilan vaqt o‘tkazyapti.

Yangi rahbariyat ham mana shunday keskin o‘zgarishlar qilaman deb vaqt sarflamasligi kerak. Mavjud tizimdagi kichik o‘zgarishlar bilan ham oldinga siljish mumkin. Gari Lineker aytganidek, futbolda eng qiyin ish eng oddiy narsani to‘g‘ri bajarish. O‘sha Lineker bir vaqtlar o‘ynagan «Lester» qanday chempion bo‘lganini eslang. Ular shunchaki qarshi hujumlarda to‘g‘ri o‘ynab Angliyaning grand klublarini changida qoldirib ketishgandi. Xuddi shu misolni Xorvatiya milliy jamoasi haqida ham keltirish mumkin. Kambag‘al davlat hisoblangan Xorvatiya milliy jamoasi jahon chempionati finaligacha yetib bordi.

To‘g‘ri, Xorvatiya futbolchilari Yevropaning kuchli jamoalarida o‘ynashadi, lekin o‘sha futbolchilar kuchli jamoaga o‘tish uchun avval Xorvatiyada o‘zini ko‘rsatgan-ku! Bu mamlakat futbolining eng katta yutug‘i Modrich, Rakitich yoki Perishich kabi futbolchilarda deyishadi. Ammo menimcha, xorvat futbolining asosiy yutug‘i uning rahbarida. Xorvatiya futbol ittifoqini 2012 yildan buyon Davor Shuker boshqarib keladi. Mamlakat tarixidagi eng kuchli futbolchi hisoblangan Shuker o‘sha finalga chiqqan yigitlarning bolalikdagi kumiri.

Xalqaro maydonda katta avtoritet bo‘lgan Shukerning rahbarlikka kelgani natijalarga ham ta'sir qildi. Ermatov ham xuddi Shuker kabi bizning futboldagi eng katta shaxs. Shu bois uning kelishi futbol muxlislarining mundialga chiqish umidini keskin oshirib yubordi. Biz ham xuddi «Lester» va Xorvatiya kabi eng oddiy narsalarni maksimal darajada to‘g‘ri amalga oshirishimiz kerak.

Tanqidni ko‘tarish kerak

Jahon chempionatlarining «changini chiqargan», ikki martalab Osiyo Kubogi finalida ishlagan Ravshan Ermatovga tanqidlar olamiga xush kelibsiz deb qolamiz. U hakam bo‘lib xalqaro maydonda yulduzga aylangan vaqtda qayerga bormasin olqishlar bilan kutib olindi. Ammo O‘FA rahbarligi (balki keyinchalik yana O‘FF deb o‘zgartirilar) mamlakatda eng ko‘p tanqidga uchraydigan amaldorlardan biridir.

Ermatov hakam bo‘lganini inobatga olsak, unda muxlislar tomonidan uyushtiriladigan bosimdan immunitet mavjud. U kerak vaqtda hech nimaga e'tibor bermaslikni biladi. Buni maydondagi harakatlarida ham ko‘rganmiz. Bu esa rahbarlikda asqotishi mumkin. Chunki o‘ta talabchan bo‘lgan o‘zbek futbol muxlislari tanqid qilishni xushlashadi. Bizda sport jurnalistlari ham boshqa sohalardagi hamkasblariga qaraganda erkinroq ishlashni va yozishni xushlashadi (futbol haqida yozishni boshlagan ko‘plab jurnalistlar keyinchalik boshqa yo‘nalishlardagi nashrlarga ham hurlik nafasi bilan kirib borgani bejiz emas). Masalan, qaysidir nashrda O‘FA yoki PFL tanqid qilinsa, bu tanqidlarga rasman javob berish tashkilotning obro‘sini tushiradi, xolos.

Vadim Abramov shunchaki o‘z fikrini bildirgani uchun diskvalifikatsiya qilingani yaxshi ish bo‘lmagandi. Tanqidni ko‘tara olmaslik yaxshilikka olib kelmasligini shu misolning o‘zi ko‘rsatib turibdi.

Pul topish kerak...

Futbolda pul asosiysi emas degan gap xato. Pul bo‘lmagan hech qanday jamoa natijaga erisha olmaydi. Umuman, pul bo‘lmagan hech qaysi tashkilot muvaffaqiyat qozona olmaydi. O‘sha 2007 yilda Osiyo chempioni bo‘lgan Iroq futbolchilari stadioni bo‘lmasa ham, mukofot pullarini vaqtida olib turgan. Ahmadjonov davrida futbol ittifoqi va PFL boqimandalikdan qutulishga intilgani quvonarli hol bo‘ldi. «Coca Cola» va «Pepsi» kabi brendlar O‘zbekiston chempioatining titul homiysiga aylanish uchun talashgani shubhasiz oldingi rahbariyatning katta yutug‘i.

Ermatov va jamoasi ham futbol uchun pul topishda davom etishi kerak. Hokimiyat yoki davlatning bir marta ajratadigan puli bilan ish bitmaydi. Futbol o‘z kunini o‘zi ko‘rishi kerak. Bunga esa katta-katta homiylik shartnomalari bilan erishish mumkin. Balki futbolimizga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish mumkindir. Xullas, nima qilib bo‘lsa ham futbol o‘z aravasini o‘zi tortishini ta'minlash kerak.

Klublarni xususiylashtirish haqida o‘ylash kerak

Futbolimizda bir sharmandali holat bor. Klublar mavsum avvalida homiydan qanday qilib ko‘proq pul undirish haqida o‘ylashadi. Homiylar esa davlat tashkilotlari yoki viloyat hokimiyati. Masalan «Liverpul» va «MYu» o‘yini oldidan Manchester hokimi «Yunayted» kiyinish xonasiga kirib, «Bugun derbi, qo‘shnilarni yutsanglar, sizga falon ming funtdan mukofot bor», deb aytishini tasavvur qila olasizmi? Kulgili holat, to‘g‘rimi?

Biz klublarni hokimiyatlardan butkul mustaqil qilishimiz kerak. Nega futbolchi maydonda mehnat qilib, yutqazib qo‘ysa, kimningdir oldida sarg‘ayishi kerak? Osiyo o‘yinlarida futbolchilarimiz Janubiy Koreyaga 3:4 hisobida yengilgani yodingizda. O‘shanda futbolchilarning muxlislardan va shaxsan Umid Ahmadjonovdan kechirim so‘ragani yodingizdami? Nima uchun maydonda o‘lib-tirilgan professional futbolchi mag‘lubiyat uchun kimgadir hisob berishi kerak? O‘sha «kechirim so‘rash aksiyasi»ni kim uyushtirgan bo‘lsa ham, butun boshli futbol rahbariyatining obro‘sini to‘kkandi.

Klublardagi futbolchilar ham mag‘lubiyat uchun hokimiyat vakillaridan gap eshitgani, mag‘lub bo‘lgan futbolchilar o‘yindan keyin yugurtirilganini bilamiz. Hokimiyat pul berganidan keyin klubga xo‘jayinlik qilishga urinadi. Shu bois, klublarni mustaqil qilishimiz shart! Menga qolsa, xorijiy investorlarni aynan klublarimizni sotib olishga undash kerak.

Klublarda direktorlar kengashi bo‘lishi, klub prezidentlari saylanishi kerak. Bunga esa aynan iqtisodiy mustaqil futbolda erishish mumkin. Klublar yil boshida homiysidan 30 milliard pul olib uni yil oxirigacha sarflash haqida o‘ylasa, milliardlab pulni mehmonxonalarga, «podyomniy»ga sarflab yuraversa, futbol boqimanda bo‘lishda davom etib, shundog‘am mag‘lubiyatdan ezilayotgan futbolchilar birovlar oldida sarg‘ayishga majbur bo‘laveradi.

PFL yangi rahbari bilan bog‘liq mojaro

PFLga Davron Shoqurbonov direktor etib tayinlanishi keng muhokama qilindi. Bu inson sobiq hakam bo‘lgani bois Ermatov atrofida hakamlarni yig‘a boshladi deganlar ham bo‘ldi. Shoqurbonov 12 yil avval diskvalifikatsiya qilingani va keyinchalik chetlatish bekor qilingani haqidagi xabarlar ham qayta paydo bo‘ldi. Shoqurbonovning chetlatilishi qaysi o‘yin va qanday holat bilan bog‘liq bo‘lgani keyinchalik muxlislarni xotirjam qilgandir. O‘sha vaqtdagi futbolimizda nimalar bo‘lmas edi...

Yana bir tomondan Shoqurbonov so‘nggi yillarda inqiroz ko‘chasiga kirib, yopilish ostonasiga kelib qolgan «Bunyodkor»da ishlagani va bunday klubning xodimi butun boshli PFLni boshqarishi odamni o‘ylashga undaydi. Aytaylik, «Nasaf» kabi namunali klubdan biror kishining variantini ko‘rib chiqib mumkin edi, masalan. Lekin har qanday rahbar o‘z atrofida o‘zi biladigan insonlarni jamlash huquqiga ega. Shoqurbonov hozircha vaqtincha PFL rahbari bo‘ldi va u o‘ziga berilgan vazifalarni uddalay olmasa, o‘zgartirilishi ham hech gap emas.

Ermatov qanday inson?

Ravshan Ermatov O‘FA vitse-prezidenti bo‘lgach, uning yumshoq inson ekani va bu rahbarlik uchun qiyinchilik tug‘dirishini aytganlar ham bo‘ldi. Bir hamkasbimiz bu borada qiziq gap aytdi: «Ermatov televizorda shunday ko‘rinishi mumkin». Chindan ham Ravshan Ermatovni maydonga yaqin joyda ko‘rganlar, ayniqsa futbolchilar qanday inson ekanini, u rahbarlik uchun yetarli darajada qattiqqo‘lligini bilishadi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi tarixidagi eng muvaffaqiyatli murabbiy Vadim Abramov O‘FA vitse-prezidentligiga Ermatov saylangach, futbol uning ichidagi insonlar qo‘lida o‘tayotganidan mamnun ekanini bildirdi. Futbol jamoatchiligida deyari barcha Ermatov rahbar bo‘lganidan xursand bo‘lmoqda. Odatda futbol tepasiga qaysidir rahbar kelsa, muxlislar ikkiga ajralib yangi rahbarni muhokama qilishardi. Biroq Ermatovning nomzodi hammaga ma'qul. Jahon chempionatida qatnashgan ilk o‘zbekistonlik hisoblangan Ravshan Ermatov kelgach, milliy jamoamizning ham mundialga chiqishi g‘arbchasiga aytganda, tortning ustidagi olchasi bo‘lardi...

O‘tkir Jalolxonov

Teglar