Pulni ortig‘i bilan to‘lamay desangiz to‘g‘ri savdolashishni o‘rganing

  • 14:42 / 14.01.2020
  • 1375

Bozordan narsa olasizmi yoki do‘kondan farqi yo‘q, to‘g‘ri savdolashishni bilishingiz kerak. Shundagina naqdingiz tejaysiz. Buni qanday qilish mumkin, deysizmi? Ushbu maqola bilan tanishib chiqishni maslahat beramiz...
•  O‘zingizni ishonchli tuting
O‘zingizni tovarning asl narxi qancha turishini yaxshi biladigandek ko‘rsatishga harakat qiling. Mahsulotni qo‘lga olib uning narxini ko‘rib, xuddi ishonmaydigandek qilib ko‘rsating. Chunki sotuvchilarning aksariyati xaridorlarning salohiyatiga qarab savdolashishadi, shunga qarab hatto muomala qilishadi ham. 

•  Quvongandek qilib ko‘rsating
“Menga xuddi shu mahsulotlani ko‘rsatishgan edi. Ammo uning narxi siznikidan qimmatroq edi. Sizda arzon ekan-a!” kabi mulozamatlar sotuvchiga xush keladi. Ko‘ngli bo‘sh sotuvchi bo‘lsa, hatto belgilangan narxdan yanada tushirib berishi ham mumkin. Barchasi xushmuomalalikda!

•  Dildan suhbat
Sotuvchi bilan samimiy muomala qilishga harakat qiling. Ammo tovar narxini tushirishda qat’iy turing. Ba’zida chin ko‘ngildan hamsuhbat bo‘la olgan xaridorga sotuvchilar “yumshaydi”. Va siz mahsulotni ko‘ngildagidek narxda sotib olishga muvaffaq bo‘lasiz.

•  Orqangizga o‘girilingda, ketib qoling!
Sotuvchi bilan shuncha savdolashishga qaramay narx tushmay, o‘z o‘rnida qolib ketayotgan bo‘lsa, o‘zingizni xafa bo‘lgandek tuting. Sekin-asta chiqish eshigiga qarab harakatlaning. Agar shunda ham sotuvchi narxni tushirmasa do‘kondan chiqib keting. Unutmang, siz doim qaytib kelishingiz va savdolashishni yangi kuch bilan boshlashingiz mumkin.

•    Bozorga xamrohingiz bilan chiqing
Bozorda, sotuvchi oldida kimdir sizni sotib olmaslikka ko‘ndirishga urinishi kerak-ku! Tortishuvni kuzatib turgan sotuvchi yutqazmaslik uchun ham narxni tushiradi. Chunki mana shunday tortishuvlar sotuvchilarga yanada ko‘proq narsa sotishlari uchun kuch beradi.

•  Pulni qo‘lda ushlab turish
Siz sotib olmoqchi bo‘lgan miqdordagi pulni qo‘lda ushlab turish savdoni tez va ijobiy yakunlashga yordam beradi. Bu hatto xaridorga o‘z istagi uchun kurashishi uchun ruhiy dalda ham beradi.

•  O‘zingiz uchun sotib olmayotgandek ko‘rsating
Sotuvchi mahsulotning narxini aytganida, o‘zingizni xuddi kimgadir qo‘ng‘iroq qilayotgandek tuting. Telefonda so‘zlashib bo‘lgach, bu mahsulotni o‘zingiz uchun xarid qilmayotganingizni, tanishingiz juda injiq odamligini va mazkur narx unga to‘g‘ri kelmayotganini ayting. Shunda past narxga tushirish mas’uliyati ikkinchi bir odamga o‘tadi va siz bundan hijolat tortmaysiz. Bu holatda ikkinchi bir odamning narxni tushirishga bo‘lgan urinishi  muvaffaqiyatli bo‘lishi mumkin.