Qachon suv ichish kerakligini eslatib turuvchi idish

  • 07:47 / 08.07.2015
  • 4157

Sog‘lom hayot tarzi keyingi yillarda nafaqat urfga kirdi, balki zaruratga aylandi, desak mubolag‘a bo‘lmas. Chunki texnologiyalarning shiddatli rivoji bizni kamharakat qilib qo‘ydi va salomatligimiz yomonlashishiga olib keldi. Mutaxassislar kayfiyatni qanday yaxshilash va sog‘lomroq bo‘lish to‘g‘risidagi turli-tuman maslahatlarni qalashtirib tashlashdi.

To‘laqonli ovqatlanishdan tashqari, suv ham sog‘lom hayot tarzining asosiy omillaridan biridir. Bir qaraganda, yetarli miqdorda suyuqlik ichishdan osoni yo‘qdek. Shunday bo‘lsa-da, aksariyat odamlar kuchli tashnalikni his etgandagina ichishadi. Biroq shunda ham,  ko‘pchilik mutaxassislar fikricha, kuniga 1,5-2 litrdan iborat bo‘lgan eng kam miqdorni ham iste'mol  qilishmaydi.

Bir kunda qancha suyuqlik ichish haqida bir-biridan farqlanuvchi tavsiyalar mavjud. HidrateMe nomli “aqlli” butilka miqdorda adashmaslikda yordam beradi. U smartfon egasiga hatto band bo‘lgan yoki tashnalikni his etmayotganda ham qachon ichish lozimligini eslatib turadi. Bunday vaziyatda butilka o‘zidan nur taratadi.

“Aqlli” butilka kun davomida to‘yinish darajasini aniqlash imkonini beruvchi maxsus datchik bilan jihozlangan. Mabodo foydalanuvchi uzoq vaqt davomida ichmagan bo‘lsa, gadjet bu haqda ham eslatadi. Butilkaning o‘zi 710 ml. hajmga ega va bisfenol A atalmish zararli moddasi bo‘lmagan plastikdan tayyorlangan. Uni idish-tovoq yuvish mashinasida chayish ham mumkin, shuningdek, qulay ochqichga ham ega.

HidrateMe smartfon yordamida ishlaydi va alohida ilova ko‘magida sozlanadi. Foydalanuvchi bir kunda qancha suyuqlik ichmoqchiligini o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yishi, ushbu rejaning bajarilishini nazorat qilishi, statistikani  kuzatib borishi mumkin va hokazo. Ilova fitnes-treker va smart-soatlar bilan uzviy bog‘lanishi mumkin hamda ichilishi lozim bo‘lgan suv miqdori, havo harorati, namlik miqdori va boshqa  shartlarni aniq hisoblash imkonini beradi.

Yangilikni ishlab chiqarish uchun mablag‘ to‘plash Kickstarter maydonida olib borilmoqda. Targ‘ibot-tashviqot tugashiga 37 kun qolganda 35 ming dollar yig‘ish lozim  bo‘lgani holda 150 000 dollardan oshiq mablag‘ to‘plandi. “Aqlli” butilka shu yil dekabrida 45 dollar atrofidagi narx bilan paydo bo‘ladi.

Teglar