Qanday qilib hozirgidan aqlliroq bo‘lish mumkin?

  • 13:05 / 25.03.2020
  • 484

Bugun ko‘p odamlarni qiziqtirgan masala borasida gaplashamiz: qanday qilib yana-da aqlliroq bo‘lish mumkin? Afsuski bu borada “Aql dorisi” yoki qandaydir moʻjizaviy usullar mavjud emas. Aqlliroq bo‘lishga yordam beradigan sehrli damlama yoki maxsus mahsulot ham yo‘q. Agar go‘zalroq va ozg‘inroq bo‘lishni istasangiz nima qilasiz? Albatta, to‘g‘ri ovqatlanib, sport bilan shug‘ullanishni boshlaysiz. Aql bilan ham xuddi shunday qilish joiz. Aqlliroq bo‘lish uchun o‘qish va o‘z ustingizda ishlashni boshlashingiz kerak.
  
Qanday qilib aqlliroq bo‘lish mumkin?
Aqlli bo‘lish – bu har xil hayotiy muammolarni hal qilish, ya’ni inson har kuni duch keladigan ko‘ngilsizliklarni bartaraf eta olishdir. Buning uchun esa o‘z hayotingizda qanday muammolar borligini tushunib yetish zarur. Do‘stlaringiz yo‘qmi? Pul yo‘qmi? Atrofingizdagilar sizdan faqat foydalanishni o‘ylaydilarmi? Biron sohada bilimingiz yetishmayaptimi? Ishingiz jonga tegdimi? O‘zingizni yomon his qilayapsizmi? 
Endi yechimi sizning hayotingizni moddiy jihatdan o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan ma’lum vaziyatni oling. Masalan, siz o‘zingiz uchun yaxshi jamoa to‘plangan joydan ish topasiz va yetarli darajada maosh ola boshlaysiz. 

Buning uchun harakat boshlaysiz: o‘qishga borasiz, yangi ish qidirasiz, yangi tanishlar orttirasiz, kitoblar o‘qiysiz va hayotiy muammolarni hal qilishni o‘rganasiz.  
Agar sizda bunday muammolar bo‘lmasa, ammo baribir aqlliroq bo‘lishni istasangiz, navbatdagi maslahatlar siz uchun. Bu maslahatlar vaqtingizni foydali ishlarga sarflashga va hozirgidan ko‘ra aqlliroq bo‘lishga yordam beradi.
  
Internetga vaqtingizni oqilona sarflang  
Aytingchi, ijtimoiy tarmoqlarga shunchaki yangiliklar bilan tanishish uchun qancha vaqtingizni sarflaysiz? Nima uchun instagramm’dagi suratlarni tomosha qilishga ketkazadigan vaqtingizni internetdan foydali ma’lumotlarni to‘plashga ishlatmaysiz? Internet – sizni qiziqtirgan har qanday fikrga, masalaga aniqlik kiritib olishga ko‘mak beruvchi foydali axborotlarning makoni-ku. Xotira uchun mashqlari bor saytlarga (Cognifit, Mnemonica, Wikium) kiring, onlayn kitoblar o‘qing, qiziqqan yo‘nalishingiz bo‘yicha kurslarda qatnashing yoki yangi so‘zlar o‘rganing.
      
Chet tillarini o‘rganing
Texnologiyalar davrida chet tillarini o‘rganish ancha oson va qiziqarli ishga aylanib qolgan. Til o‘rganish uchun Duolingo, Rosetta Stone, Babbel kabi ilovalardan foydalaning, Italki va Busuu platformalaridagi til o‘rgatuvchi dasturlar bilan muloqot qiling. Jamoat transportida ketayotganingizda Anki kartochkalari yordamida so‘zlarni yodlang va bo‘sh vaqtlaringizni imkon qadar foydali o‘tkazishga intiling.


 
Miyangizni foydali taom bilan oziqlantiring 
Ayrim oziq mahsulotlari e’tiborni jamlashga va xotirani kuchaytirishga ko‘maklashadi. Tarkibi antioksidant, aminokislota va yog‘ kislotalariga boy mahsulotlarni har kuni iste’mol qilish miyaga juda samarali ta’sir qiladi. Ovqat ratsioningizda organizmingizni tabiiy tarzda mikroelementlar bilan boyituvchi  pista, yong‘oq, yog‘li baliq, rezavorlar, ko‘k choy, ko‘k yaproqli sabzavotlar va anor bo‘lgani ma’qul.
   
Yangi ko‘nikmalar hosil qilish uchun bepul  onlayn-kurslarda shug‘ullaning
Hozirda uydan chiqmagan holda har qanday kasbni o‘zlashtirib olish mumkin. Dasturlash, dizayn, marketing, grafika, veb-dizayn – elektron moslama va internet bo‘lsa, bularning hammasini o‘rganish mumkin. Masofaviy ta’lim olish rivojlanishi bilan odamlarda dunyoning eng yaxshi mutaxassislaridan o‘rganish, eng yangi va dolzarb bilimlarni o‘zlashtirish va qiziq topshiriqlarni bajarish imkoni yaraldi. Coursera, Udemy, edX, Alison va Stepik kabi saytlardan ko‘plab bepul ta’lim beruvchi kurslarni topish mumkin. Hatto ayrim ta’lim platformalari universitetlarning ilmiy darajasiga tenglashtiriladigan  diplom ham beradi.
 
Intellektual o‘yinlar o‘ynang

Miyani yaxshi ishlashi uchun hamma vaqt mashq qildirib turish kerak. “Lumosity”, “IQ Pro” va “Peak” kabi ilovalar xotirani mustahkamlashga, e’tiborni jamlashga va muammolarni hal qilish ko‘nikmalarini shakllantirishga yordam beradi. Intellektual o‘yinlar miyaning axborotlarni qayta ishlash tezligini oshirishi hamda Alsgeymer kasalligining rivojlanishiga yo‘l qo‘ymasligi isbotlangan. 
 
Har kuni yangiliklar bilan tanishib boring
Yangiliklar bilan tanishar ekansiz hamma vaqt dunyoda nima sodir bo‘layotganligidan xabardor bo‘lib borasiz va istalgan odam bilan osongina muloqotga kirisha olasiz. Faqat ehtiyot bo‘ling, yangiliklarni ishonchli manbalardan oling, aks holda yolg‘on xabarga yo‘liqib, aldanib qolishingiz mumkin.
   
Aqlli va dono odamlar orasida yuring 
Agar aqlli bo‘lishni istasangiz, o‘zingizdan aqlliroq odamlar bilan ko‘proq muloqot qiling. Aynan ana shunday odamlar davrasi ilhomlantiradi, ijobiy quvvat beradi. Siz uchun hurmatli bo‘lgan odamlar ishtirok etadigan va ma’ruza qiladigan turli konferensiyalarga, ma’ruzalarga, seminarlarga boring. Yangi odamlar bilan tanishing. Ma’ruzachilarga savollar bering. Asosiysi, vaqtingizni sizga yoqimli bo‘lgan odamlar davrasida o‘tkazing! 
 
Sport bilan shug‘ullaning

Muntazam ravishda sport bilan shug‘ullanish nafaqat tana, balki aql uchun ham foydali ekanligi isbotlangan. Chunki jismoniy harakat qon aylanishini yaxshilaydi. Miyada qon yaxshi aylanib, fikrlash jarayonini kuchaytirish uchun har kun yuguring, raqsga tushing, faol harakat qiling!  

Boshqalar bilan bilim va ko‘nikmalaringizni o‘rtoqlashing
Bilimlar bilan o‘rtoqlashish – hech narsani unutmaslik va boshqa odamlar nazarida obro‘ga ega bo‘lib olishning ajoyib yo‘li. Odam o‘z bilimlarini boshqalar bilan bo‘lishayotganida miya o‘zidagi axborotlarni tartibga solib oladi va o‘qishga, o‘rganishga, yangi bilimlarni egallashga ishtiyoq paydo qiladi.