Qariganda altsgeymerga chalinishni istamasangiz, har kuni kamida 30 daqiqa kitob o‘qing

  • 14:25 / 07.10.2019
  • 499

Bilasizmi, kuniga atigi 30 daqiqa kitob o‘qish miyangizni rivojlantiradi, til o‘rganish va uyquni yaxshilashga yordam beradi. Faqat bugina emas. Quyida mutolaa qilishning foydali jihatlari haqida bilib olasiz. 

1. Miya qarishini sekinlashtiradi

Klivlend universiteti olimlari tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, agar o‘rta yoshli odam o‘qishni istamasa, qarianida butunlay xotirasini yo‘qotib qo‘yishi mumkin ekan. Muntazam faoliyatsiz qolgan miyada nerv aloqalari susayadi. Natijada, odam sekinroq va yomonroq o‘ylay boshlaydi. Kitoblar va maqolalar miyangizni mashq qiladiradi, sizga yomon xayollardan qochishga yordam beradi. Doimo ishlab turgan miya altsgeymer kasalligi rivojlanishiga yo‘l qo‘ymaydi. 

2. Tinchlantiradi

Qiziqarli tarix yoki ilmiy izlanishlar hech bo‘lmaganda ishdagi qiyin kunni, shaxsiy hayotdagi qiyinchilik yoki boshqa muammolarni vaqtincha bo‘lsa-da, unutishga yordam beradi. Olimlarning aytishicha, mutolaa stressdan chiqishning eng oson yo‘li. Atigi 6 daqiqa yaxshi kitob o‘qish yurak urishini sekinlashtiradi, mushaklarni bo‘shashtiradi, stressning 68 foizgacha kamayishiga yordam beradi. Boshqa tinchlantiruvchi mashqlar unchalik samarali emas. Masalan, musiqa tinglash stressni 61, yurish 42, videoo‘yinlar esa 21 foizga kamaytirar ekan. 

3. Lug‘atingiz boyiydi

O‘qish paytida miyaning chap yarim shari faollashadi. U bizning nutqimizga javobgar hisoblanadi. Shunday qilib, qanchalik sifatli adabiyot o‘qisangiz, shunchalik savodli bo‘lib boraverasiz. 

Bundan tashqari, o‘qish so‘z boyligini oshiradi. Kundalik suhbatlar paytida siz ixtiyoriy ravishda kitoblardagi yangi so‘zlarni ishlatasiz. Boy nutq boshqalar bilan bo‘ladigan munosabatingizni o‘zgartiradi. Hurmatingiz oshadi. 

4. Tez o‘ylay boshlaysiz

Kitob yoki jurnallarni qanchalik tez-tez o‘qib tursangiz, ma’lumotlar miyada tezroq saqlanadi va xotira yaxshilanadi. O‘qish neyronlar orasidagi eski aloqalarni mustahkamlaydi va yangilarini yaratadi. Buning sababi shundaki, kitobda juda ko‘p tafsilotlar mavjud: har bir qahramon tarixi, ularning motivatsiyasi, asosiy va qo‘shimcha hikoyalar bularning barchasi sizni yodingizda saqlab qolishga majbur qiladi.

5. Tahlil qilish va diqqatni jamlashni o‘rganasiz

O‘qish paytida nafaqat ma’lumotlarni o‘zlashtirasiz, balki ularni baholay boshlaysiz. Sizga hikoya yoqdimi yoki yo‘qmi, muallifning uslubi yaxshimi yoki umuman g‘oyani ochib bera olmaganmi. Bu kabi xususiyatlar fikrlab o‘qish va tahliliy ko‘nikmalarni rivojlantiradi.

Tanqidiy fikrlash qobiliyati real hayotda sizga foyda keltiradi. Masalan, qiyin vaziyatlarda to‘g‘ri qaror qabul qila olishingizga yordam beradi. 

Detektiv roman yoki hikoyalar tahliliy ko‘nikmalarni rivojlantirishda qo‘l keladi: o‘qing va jinoyatni ochishga harakat qiling.

O‘qish diqqatni qanday qilib jamlashni o‘rganishga yordam beradi. Romanni o‘qish uchun siz bitta hikoyaga e’tibor berishingiz va butun diqqatingizni kitobga qaratishingiz lozim bo‘ladi. Ushbu ko‘nikma professional hayotda juda foydali: siz arzimas narsalarga chalg‘imay, belgilangan vazifalarni tezroq hal qila boshlaysiz.

6. Uyquni normallashtiradi

Yotishdan oldin, dam olishingiz va qiyin kunni unutishingiz kerak. Kundalik tinchlantiruvchi mashg‘ulotlar bunga yordam beradi. Ulardan biri o‘qish bo‘lishi mumkin. Uyqudan oldin kitob o‘qish keraksiz fikrlar va xotiralarni to‘xtatishga yordam beradi.

Kechqurun elektron qurilmalarni chetga surib qo‘ying, haqiqiy kitobni qo‘lingizga olib, uni his qilib o‘qish tavsiya qilinadi. Shifokorlar elektron kitoblardan foydalanmaslik kerak deyishadi. Chunki, yorug‘ nur miyaga uyg‘oq holatda turish signalini yuboradi. 

7. Tasavvur olamini kengaytiradi

Tasavvur qilish imkoniyati odamlarning kitob o‘qishni yoqtirishining asosiy sabablaridan biridir. Buning ajablanarli joyi yo‘q. Chunki, kitoblardagi hikoyalar tasavvur qilish uchun ajoyib material hisoblanadi. Siz xayolingizda har qanday tasvirni chizishingiz, har qanday rangda bo‘yashingiz, har bir obraz uchun mukammal mos keladigan odamlarni tanlashingiz mumkin. Bu xuddi o‘zingiz rejissyorlik, rassomlik, kompozitorlik qilgan kinoni tomosha qilishdek gap. 

Bundan tashqari, kitob olamida sayohat qilishdan ilhom olasiz. Masalan, dunyo bo‘ylab sayohat haqidagi romanlar sayohatga olib chiqishi mumkin. Muvaffaqiyatli odamlarning hayotiy hikoyalari esa, sizni yangi yutuqlar sari yetaklaydi.

8. Zavqlantiradi

Faqat foydali bo‘lgani uchungina o‘zingizni kitob o‘qishga majbur qila olmaysiz. Bu mashg‘ulotdan zavqlanishga o‘zingiz uchun qiziqarli bo‘lgan kitob topa olishingiz kerak. 

Sevimli janringizni aniqlab oling. Sizga qaysi filmlar ko‘proq yoqishini eslang va shunga o‘xshash kitobni toping. Agar detektiv asarlar yoqsa – Agata Kristi yoki o‘zimizning “Shaytanat”ni o‘qing, dahshatli voqealarni istasangiz – Stefan King yoki Xovard Lavript asarlari ham bor, komediyalar ishqibozi bo‘lsangiz Chexov yoki Erkin A’zam dramalarini tavsiya qilamiz. 

Maslahat so‘rang. Agar do‘st yoki yaqinlaringiz bilan yaxshi kelishsangiz, ulardan qanday kitob o‘qishini so‘rang, balki ularning sevimli asarlari sizga ham yoqib qolar.

Eng sara asarlar ro‘yxatini ko‘rib chiqing. Bu kabi to‘plamlardan yaxshi adabiyotlarni topishingiz mumkin. Masalan, “Hamma o‘qishi kerak bo‘lgan 100 ta kitob”, “Muqobil tarixga ega eng yaxshi romanlar”, “Iyulning eng qiziqarli yangiliklari”, kabi to‘plamlar. 

9. Yangi til o‘rganasiz

Kitob yoki maqolalarni chet tilida o‘qish til o‘rganish uchun juda foydalidir. Bu orqali so‘z boyligingizni kengaytirasiz va grammatika qoidalarini ishlab chiqasiz: so‘zlarni ishlatish va moslashtirish tamoyillarini o‘rganasiz. 

Bundan tashqari, asl nusxada kitob o‘qish yanada yoqimli. Siz muallifning haqiqiy uslubini ko‘rasiz va u nima demoqchi ekanligini tushunishingiz mumkin bo‘ladi. Negaki, ba’zida tarjima qilingan asar matnining asl ma’nosi o‘zgarib ketadi. Bu esa uning ta’sir kuchi va saviyasini pasaytirib yuboradi. Shuning uchun asarlarni imkon qadar asl nusxasidan o‘qishga harakat qiling.  

Teglar