Qaysi mamlakat fuqarolari eng ko‘p «grin-karta» yutib oladi? O‘zbekiston bu borada nechanchi o‘rinda?

  • 16:50 / 08.05.2019
  • 1152

7 may kuni milliondan ortiq o‘zbekistonliklar o‘z baxtini sinab ko‘radigan, xalq orasida «Green Card» nomi bilan tanilgan AQShning Turli millat vakillariga viza dasturining 2019 yilgi javoblari chiqdi. Javoblarni maxsus kodni kiritish orqali maxsus saytdan tekshirib ko‘rish mumkin.

1990 yildan beri har yili tasodifiy tanlangan 50 ming chet ellikka AQShda yashash uchun ruxsatnoma berib kelinadi. Bu lotereyaning rasmiy nomi «Turli millat vakillariga viza» dasturi bo‘lib, xalq orasida «grin-karta» sifatida tanilgan. Amerika orzusini ro‘yobga chiqarish istagida bo‘lgan yuz millionlab kishilar lotereya orqali o‘z baxtini sinab ko‘radi.

Green Card’ning maqsadi AQShga kam ko‘chib keluvchi aholiga boshqalar (immigratsiya ko‘rsatkichi yuqori mamlakat fuqarolari) kabi teng imkoniyatlar yaratishdir. Dastur AQSh Davlat departamenti, Fuqarolik va Immigratsiya xizmatlari (Citizenship and Immigration Services) hamda Amerika immigratsiya tashkilotlari bilan hamkorlikda yilda bir marta o‘tkaziladi.

Bu yilgi DV-2020 dasturi, boshqacha nom bilan aytganda, Green Card uchun ham 50 mingta viza ajratilgan. G‘oliblarni kompyuter tasodifiy tanlaydi. Beriladigan vizalar mamlakat va mintaqa bo‘yicha cheklangan. Hech qaysi mamlakatga umumiy «grin-karta»ning 7 foizidan (3,5 ming) ortig‘i berilmaydi. Yevropa va Afrika mamlakatlariga eng ko‘p kvota ajratilgan. Dasturda immigratsiya ko‘rsatkichi yuqori davlatlar (Bangladesh, Braziliya, Kanada, Meksika, Xitoy, Kolumbiya, Dominikan Respublikasi, Ekvador, Salvador, Gvatemala, Gaiti, Hindiston, Yamayka, Pokiston, Peru, Filippin, Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, Vetnam, Hongkong, Makao va Tayvan)dan tashqari istalgan mamlakat fuqarolari qatnashish imkoniyatiga ega.

Green Card Lottery’ning 2018 yilgi statistikasiga ko‘ra, eng ko‘p lotereya sohiblari (4199ta) Eron Islom Respublikasi fuqarolaridir. 2-o‘rinni Misr (4185ta) egallagan. Kuchli uchlikni Ukraina (4025ta) yakunlagan. Ro‘yxatda 4-o‘rin Efiopiya (3856ta), 5-o‘rin Rossiya (3641ta), 6-o‘rin Nepal (3633ta), 7-o‘rinni esa O‘zbekiston (3461ta) band etgan. Bu borada O‘zbekiston O‘rta Osiyo davlatlari orasida yetakchidir. Qo‘shni respublikalarda ko‘rsatkich ancha past. Masalan, Qozog‘istonda 886 kishi, Qirg‘izistonda 693, Tojikistonda 1171 va Turkmanistonda 258 kishiga «omad kulib boqqan».

Ma'lumot uchun, 2019 yil uchun Green Card lotereyasini to‘ldirish 2018 yilning 3 oktyabrida boshlangan edi. 

Natijalarni tekshirish uchun ariza topshirgan vaqtda taqdim etilgan nomer, ariza beruvchining familiyasi va tug‘ilgan yilini quyidagi manzilga kiritishi lozim: https://www.dvlottery.state.gov/ (Hozirda saytga kiruvchilar soni ko‘payib ketgani sabab sayt qotib qolgan). 

Green Card natijalari Davlat departamentining saytida 2020 yilning 30 sentyabriga qadar turadi va bu vaqt davomida lotereya natijalari o‘zgarmaydi.

DV Lottery dasturida g‘alaba qozonish AQSh hududiga kirishga ruxsat olishni kafolatlamaydi. Buning uchun DS-260 formani to‘ldirish, shuningdek, suhbatdan o‘tish talab etiladi.

Lotereya g‘oliblari AQShda muqim yashash, shuningdek, Amerika fuqarolarining ko‘plab huquqidan foydalanish imkoniyatini qo‘lga kiritadi, faqatgina saylovlarda qatnasha olmaydi va fuqarolikni 5 yildan so‘ng olishi mumkin.

Teglar