Qon bosimi tushib ketganda qanday chora koʻrish kerak? Eng tezkor va samarali usullar

  • 11:46 / 19.09.2021
  • 211

Yurak-qontomir tizimi – oʻta nozik tuzilma boʻlib, uning har doim meʼyoriy holatda ishlab turishi organizmdagi boshqa aʼzolar faoliyatiga ham taʼsir koʻrsatadi. Yurak va tomirlar faoliyati bilan bogʻliq asosiy va keng tarqalgan muammo – arterial bosimning meʼyoriy koʻrsatkichdan tushib yoki oshib ketishidir. Qon bosimining tez-tez tushib ketishi ham gipertoniya kabi xavfli holat boʻlib, jiddiy kasalliklarning rivojlanishiga sabab boʻladi. Qon bosimi birdan tushib ketganda qanday chora koʻrish kerak?

Asosiy belgilari

Qon bosimi tushib ketgan holatda eng avvalo bosh aylanishi kuzatiladi. Bemorni doimiy charchoq hissi, umumiy holsizlik, asabiylik, yurak urishining tezlashishi, bosh ogʻriqlari va ortiqcha terlash muammolari bezovta qiladi.

Muhim! Agar qon bosimi tushib ketgan odamning yuz harakatlari oʻzgarsa, atrofdagi hodisalarni anglay olmay qolsa, nafas olishga qiynalsa, gallyutsinatsiya hodisasi sodir boʻlsa, zudlik bilan tez yordam chaqirish lozim. Ushbu belgilar odatda insult va infarkt alomati hisoblanadi. Bunday holatda bemor hayotini saqlab qolish uchun har bir daqiqa muhim ahamiyatga ega!

Qon bosimini dori-darmonlarsiz koʻtarish mumkin?

Qon bosimini koʻtarishga yordam beradigan dori vositalarini faqatgina shifokor koʻrsatmasiga binoan qabul qilish lozim. Agar vaziyat oʻta ogʻir boʻlmasa, gipotoniya xuruj qilgan vaqtda qon bosimini dori vositalarsiz ham koʻtarsa boʻladi.

Qahva

Qon bosimi tushgan vaqtda achchiq qahva ichish – vaziyatni yaxshi tomonga oʻzgartiradi. Kofein tomirlarni toraytirish xususiyatiga ega, shu sababli qon bosimi meʼyoriy holatga keladi va qahva tanaga tetiklashtiruvchi taʼsir koʻrsatadi.

Uqalash

Tanadagi biologik faol nuqtalarning ayrimlariga uqalash harakatlari orqali taʼsir koʻrsatish qon aylanishini yaxshilashga yordam beradi. Uqalash umumiy holatga ham ijobiy taʼsir koʻrsatadi, metabolizmni tezlashtiradi va tomirlarni ragʻbatlantirib beradi.

Muhim! Uqalash – tanadagi asab uchlariga taʼsir koʻrsatgani uchun uni faqatgina tibbiy maʼlumotga ega boʻlgan professional mutaxassis yordamida amalga oshirish lozim. Sababi, uqalash jarayonidagi birgina notoʻgʻri harakat ham salomatlikka zarar yetkazib qoʻyishi mumkin.

Taomlanish tartibi

Agar qon bosimining tushib ketishi ichki kasalliklar bilan bogʻliq boʻlmasa, taomnomaga ushbu mahsulotlarni kiritish ham koʻrsatkichlarni meʼyoriy holatga keltiradi:

• kefir, ryajenka, tvorog va sut mahsulotlari;

• selderey ildizi;

• yangi meva sabzavotlar – sabzi, pomidor, qovoq, olma;

• lavlagi sharbati.

Tezkor usullar:

Agar qon bosimi toʻsatdan tushib ketsa, qoʻl ostingizda hech qanday vosita boʻlmay qolsa, quyidagi usullar sizga yordam berishi mumkin:

• Tuzlangan bodring yoki pomidor isteʼmol qiling;

• Koʻproq toza suv iching;

• Bir necha boʻlak qora shokolad yeng;

• Achchiq qahva damlang va uni mayda hoʻplamlar bilan iching;

• Kontrast dush qabul qiling.