Qon tahlillarini ertalabdan topshirish shartmi?

  • 11:45 / 16.10.2018
  • 5086

Qon topshirish o‘z-o‘zidan yoqimsiz jarayon, boz ustiga ertalab soat 7 dan turib poliklinikaga borishga to‘g‘ri keladi. Ko‘pincha hatto nonushta qilish ham mumkin emas. Bir oydan keyin esa shifokor yana o‘sha natijalarni qayd etuvchi takroriy tahlillarga yo‘naltiradi. Haqiqatda shunday qilish shartmi? Buni yengillashtirishning iloji yo‘qmi? "Zdorove s Yelenoy Malyshevoy"da shu haqidagi ma'lumotlar taqdim etildi.

1. Nima uchun qon tahlillari ertalab olinadi?

Shunisi qulayroq. Kun davomida qondagi eritrotsitlar, leykotsitlar, trombotsitlar va ba'zi gormonlar darajasi o‘zgaradi. Shuning uchun ertalab va kechqurun olingan bir tahlilning natijalari bir-biridan farq qiladi. Shifokor ularni taqqoslashi qiyin bo‘ladi.

Foto: shutterstock

Shu bilan birga, ba'zi tadqiqotlarni faqat yangi biomaterialda o‘tkazish mumkin. Masalan, agar ivish omillarini aniqlash kerak bo‘lsa, qon 4-6 soatdan ortiq saqlanmagan bo‘lishi kerak. Shu bois tahlil ertalabdan olinsa, laborant qon namunasi buzilmaganini aniq biladi.

Agar ertalabdan poliklinikaga borishni xohlamasangiz, xususiy laboratoriyaga murojaat qilish mumkin - ular butun kun davomida bemorlarni qabul qiladi. Agar bir tahlilni bir necha marta topshirish talab qilinsa, laboratoriyaga bir vaqtda kelishga harakat qiling.

2. Qorin och bo‘lishi shartmi?

Umuman olganda, barchasi tahlil turiga bog‘liq. Ba'zilariga ovqatning ta'siri yo‘q: so‘nggi tadqiqotlar taom qabul qilinganidan keyin xolesterin va lipidlar miqdori o‘zgarmasligini ko‘rsatmoqda. Biroq yog‘larni qabul qilmagan ma'qul - ular qonni bir necha soatga xiralashtiradi.

Britaniya va amerikalik olimlarning fikricha, klinik qon tahlili oldidan qorin och bo‘lishi shart emas - natijalarda faqat shirin va yog‘li taomlar aks etadi.

Biroq aksariyat klinikalar qoidalariga ko‘ra, qon tahlillari och qoringa topshiriladi. Har bir tadqiqot turiga alohida yondashgandan ko‘ra shunisi qulayroq.

Foto: shutterstock

3. Yana nima qilish mumkin emas?

Chekish, suvdan boshqa ichimlikni ichish, saqich chaynash, sport bilan shug‘ullanish, ba'zi dori vositalari va BFQ (biologik faol qo‘shimcha)larni qabul qilish (shifokor bilan maslahatlashish kerak).  Bularning bari tahlil natijalariga ta'sir qilishi mumkin. Qon topshirishdan bir kun avval spirtli ichimliklar iste'moli taqiqlanadi.

4. Takroriy tahlillarning nima keragi bor?

Agar tekshiruvlarda o‘zgarishlar aniqlanmagan bo‘lsa, bu ham muhim natija. Ba'zan shifokor kasallikni faqat istisno usuli bilan aniqlashi mumkin. Boshqa holatlarda esa salbiy natijalar prognoz qilish imkonini beradi: agar homilador ayolda urogenital infeksiyalar aniqlanmagan bo‘lsa, demak, homiladorlik davri yaxshi o‘tadi. Shuningdek, ba'zida ular nazorat uchun ham kerak bo‘ladi. Masalan, kunning turli qismida topshirilgan tahlillar taqqoslansa, kasallik muddatini aniqlash mumkin.

Va nihoyat, ba'zan ishonchli natijaga ega bo‘lish uchun bir necha marta tekshiruvdan o‘tishga to‘g‘ri keladi: parazitlarga birinchi tadqiqot aniqligi - atigi 50 foiz, uchinchisi esa - 99 foiz bo‘ladi.

5. Qon topshirayotganda qandaydir kasallik yuqtirib olish mumkinmi?

Yo‘q, bunday bo‘lishi mumkin emas. Klinika tegishli normalarga muvofiq bir martalik yoki sterillanmagan asbob-uskunalardan foydalanmasa, uning litsenziyasi olib qo‘yiladi.

Teglar