Qo‘qonda benzindan urib qolgan “zapravka” xodimlariga chora ko‘rildi

  • 12:44 / 22.10.2019
  • 108

Ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilgan Qo‘qondagi AYoQShlarda sifatsiz benzin quyilayotgani va undan urib qolinayotgani iddao qilingan xabarlar joylashtirildi. Shundan so‘ng “O‘zbekneftgaz” AJ holatni o‘rgandi va vaziyatga oydinlik kiritdi. Murojaatlar esa qisman o‘z tasdig‘ini topdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Qo‘qonda sifatsiz benzin sotilayotgani aytilgan murojaat joylashtirilgan edi. Unda “O‘zbekneftgaz” AJga qarashli AYoQShlarda sotilayotgan benzin sifati talabga javob bermasligi va belgilangan me’yordan kam quyib berilayotganligi haqida so‘z yuritilgan.
Ushbu holat bo‘yicha "O‘zbekneftgaz" AJ matbuot xizmati munosabat bildirdi.

Shoxobchalardagi benzin sifati o‘rganildi

“O‘zbekneftgaz” AJ, “O‘zneftgazinspeksiya” Farg‘ona hududiy bo‘limi mutaxassislari hamda “Farg‘ona neft bazasi” MChJ Qo‘qon filiali xodimlari ishtirokida “Farg‘ona neft bazasi” MChJga qarashli “Qo‘qon-1” va “Qo‘qon-2” avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari o‘rganildi.
Ikkala AYoQSh sig‘imlarida saqlanayotgan Ai-80 va Ai-91 rusumli avtobenzin sifatini aniqlash uchun toza namunalar olinib tekshirilganda, davlat andazasi talablariga mos kelganligi aniqlandi.

Shoxobchalar avtomobillarga me’yoridan kam benzin quyganmi?

“Qo‘qon-2” AYoQSh bo‘yicha belgilangan me’yordan kam yoki ko‘p quyish holatlari aniqlanmadi. “Qo‘qon-1” AYoQShda jami to‘rtta yoqilg‘i tarqatish uskunasi (YoTU)dan bittasida 0,3 litr kam quyish holatlari ma’lum bo‘ldi. “AYoQShning mas’ul xodimlariga intizomiy jazo qo‘llanildi”, – deyiladi xabarda.