Qo‘qonda prokuratura xodimining ko‘ziga gaz sepgan fuqaro qidirilmoqda  

  • 14:00 / 06.12.2019
  • 322

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot kotibi Qo‘qon shahrida noqonuniy valyuta oldi-sotdisi bilan shug‘ullangan shaxs Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimiga qarshilik ko‘rsatishi yuzasidan bayonot berdi. 

Bayonotda qayd etilishicha, Departamentning Farg‘ona viloyati boshqarmasi tomonidan Qo‘qon shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 1981-yilda tug‘ilgan fuqaro X.M. qonunga xilof ravishda jami 4 ming 200 AQSh dollarini 40 mln. 200 ming so‘mga sotgan vaqtida ushlangan.

Tezkor tadbir davomida fuqaro X.M. departament xodimi M.A.ning ko‘ziga gaz balloncha bilan gaz sepib, unga tan jarohati yetkazib, hodisa joyidan yashiringan.

Mazkur holat yuzasidan joriy yilning 5-dekabr kuni Qo‘qon shahar prokuraturasi tomonidan jinoyat kodeksining 219-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.