Qozog‘istonda 3 yilda korrupsiyadan ko‘rilgan ziyon 103 mln dollarni tashkil qildi 

  • 00:21 / 06.06.2019
  • 409

Qozog‘istonda oxirgi 3 yilda korrupsiyadan ko‘rilgan ziyon 40 mlrd tangani tashkil qildi. Bu haqda davlat xizmatlari ishlari va korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi raisi Alik Shpekbayev ma’lum qildi. 

“Ijtiimoiy sohadagi ko‘plab muammolar korrupsiyachilarning musodara qilingan mablag‘lari evaziga hal qilinishi mumkin edi. Oxirgi 3 yilning o‘zida korrupsiyadan ko‘rilgan ziyon 40 mlrd tangani (103 mln 980 ming dollar) tashkil qildi. Fuqarolar musodara qilingan mablag‘lar og‘ir dardga chalingan bolalarni davolash, ko‘p farzandli oilalar va imkoniyati cheklangan odamlarni qo‘llab-quvvatlashga sarflansa, korrupsiyaga qarshi kurashning bevosita samarasini his qilgan bo‘lardilar”, deb aytgan Shpekbayev.

Amaldorning ta’kidlashicha, Qozog‘istonda oxirgi 2 yilda korrutsiyaviy jinoyatlar 23 foizga kamroq qayd qilingan.

Agentlikda noqonuniy boyishga javobgarlik qiritish lozimligi aytilgan.

“Gap hozircha aktivlari qonuniy daromadlariga mos bo‘lmagan davlat xizmatchilariga qarshi moliyaviy va faoliyatlari bilan bog‘liq sanksiyalar qo‘llash haqida bormoqda. Bu choralar xarajatlarni deklaratsiyalash bilan birga korrupsiyaning asosini – noqonuniy daromadlar olishga intilishni yo‘q qilishga imkon beradi”, deb ta’kidlab o‘tgan Shpekbayev.

Agentlikda 2020 yil 1 yanvardan davlat xizmatchilarining xarajatlarini deklaratsiyalashni joriy qilish taklif qilingan.

“Davlat idoralariga qarashli tashkilotlar sonini tubdan qisqartirish ham ahamiyatli hisoblanadi. Bugun bunday tashkilotlar soni 7 mingtaga yaqinni tashkil qiladi. Bundan bo‘shagan mablag‘larni davlat xizmatchilarining ish haqini oshirishga yo‘naltirish mumkin”, deb qo‘shimcha qilgan Shpekbayev.

Uning ta’kidlashicha, agentlikning “shov-shuvli” jinoiy ishlar sonini oshirish maqsadi yo‘q, biroq muqarrar jazo tamoyiliga so‘zsiz amal qilinadi.

Teglar