Qozog‘istonda karantin cheklovlari kuzda ham davom etishi mumkin

  • 10:50 / 20.05.2020
  • 56

Agar kuzda koronavirusning ikkinchi to‘lqini yuzaga kelsa, Qozog‘istonda yana karantin choralari ko‘rilishi mumkin. Bu haqda mamlakat sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari Lyudmila Byurabekova ma’lum qildi, deya xabar beradi Kazinform.

“Kuzda virusning ikkinchi to‘lqini kuzatilishi mumkin. Biroq kuzda ko‘rilgan choralar vaziyatga qarab amalga oshiriladi, ya’ni o‘sha davrdagi epidemiologik vaziyat hisobga olinadi. Epidemiya tarqalish xavfiga qarab, kuzda ba’zi karantin choralari ko‘rilishi mumkin”, deydi u.

Sog‘liqni saqlash vazirligining Jamoatchilik sog‘lig‘ini saqlash milliy markazi direktori Damir Ko‘bjasarov ham koronavirusning ikkinchi to‘lqini bo‘lishi mumkinligini aytib o‘tgan.

“Infeksiya tarqalishining ikkinchi bosqichi kuzning ikkinchi yarmida kuzatilishi mumkin. Mamlakat aholisi virus mavjudligini unutmasligi kerak. Dunyo miqyosida epidemiya to‘liq bartaraf etilmagan. Ba’zi odamlarda kasallik asimptomatik bo‘lib, keyin infeksiya sezgir odamlarga yuqishi mumkin”, deydi Ko‘bjasarov.