Qozog‘istonning Turkiston viloyatidagi yana uchta tuman ovullari suv ostida qoldi

  • 15:10 / 14.05.2020
  • 270

Kuchli yomg‘ir tufayli Turkiston viloyatining yana uchta tumanida hovlilarni suv bosdi, deb xabar bermoqda Kazinform.

Qayd etilishicha, Qazig‘urt tumanidagi Altinto‘be qishloq okrugi va Qarjan qishlog‘ida 2 uy, 1 poliklinika, 1 dorixona hovlisiga suv kirgan.

Jigergen ovul okrugida 30 uyning hovlisini suv bosgan va 4 ta ombor qulab tushgan. “S. Raximov” ovul okrugining Qizilata qishlog‘ida 4 uy va 1 masjidning hovlisiga suv kirgan.

Ko‘kibel suv omborini suv bosishi (151,0 ming kub metr) tufayli Ko‘kibel ovulidagi 27 oiladan 133 kishi Ko‘kibel maktabiga evakuatsiya qilinib, oziq-ovqat va tibbiy jihozlar bilan ta’minlangan.

Shuningdek, Sayram tumanida kuchli yomg‘ir tufayli Aqsukent, Qarasu, Qorabuloq va Mankent qishloqlaridagi 7 ta uyning hovlisida suv yig‘ilgan.

Bundan tashqari, kuchli yomg‘ir tufayli Baydibek tumani ham suv ostida qoldi. Aqbastau ovul okrugining Turaqti qishlog‘ida yog‘ingarchilik tufayli Tutariq kanali 4 joyidan shikastlangan va ovul suv ostida qolgan. 2 ta ombor yiqilib, suv ostida qolgan uylar soni aniqlanmoqda.

“Boralday ovul okrugining Qaratas qishlog‘idagi 6 uy va Boralday ovul okrugidagi “A. Jumadilo‘g‘li” ko‘chasidagi 6 ta hovliga suv kirgan. Ayni paytda zarar miqdori hisoblanmoqda”, deyiladi xabarda.