Qurbonlik vaqtida xonadon sohiblari nima qilishlari kerak?

  • 15:33 / 10.08.2019
  • 1370

Ertaga, 11-avgust kuni musulmonlarning ikki ulug‘ bayramlaridan biri -  Qurbon hayiti yurtimizda keng nishonlanadi. 

 Bu kunning o‘ziga xos fazilati shundaki, unda keksalarimiz, bemorlarimiz ziyoratiga shoshilamiz. Yoshu qarining ko‘nglini olishga harakat qilamiz. Eng asosiy ibodatlardan biri esa bu – hayit namozidan kelib, xonadon soxiblarining jonliq so‘yib, Alloh yo‘lida qurbonlik qilishlaridir. Shu o‘rinda qurbonlik qilishning shar'iy hukmi va qoidalarini, odoblarini bilib olsak, foydadan xoli bo‘lmaydi.

Shu ma'noda o‘quvchilarimizga internet materiallari asosida qurbonlikka oid ayrim ma'lumotlarni berib o‘tishni lozim topdik.

1.  Qurbonlikning ta'rifi: Qurbonlik Alloh Taologa yaqinlik hosil qilish uchun Qurbon hayiti kunlarida so‘yiladigan jonliqdir.

2.  Uning hukmi: Qurbonlik qilish hanafiy ulamolar nazdida zakot nisobidagi molga ega bo‘lgan har bir musulmon kishining zimmasidagi vojib amaldir. (Zakotda molning nisobga yetishidan tashqari, uning tijorat moli bo‘lishi va bir yil davomida kamaymasdan turishi shart qilinadi, qurbonlikda esa bu shartlar yo‘q). Bu hukmlar Alloh Taoloning quyidagi so‘ziga asoslanadi: "Robbingiz uchun namoz o‘qing va jonliq so‘ying". ("Al-Kavsar" surasi, 2-oyat) 

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytadilar: "Kim namozdan ilgari jonliq so‘ygan bo‘lsa, yana qayta so‘ysin". (Muttafaqun alayhi). Abu Ayyub al-Ansoriy rivoyat qiladilar: "Kishi Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam zamonlarida o‘zi va oila a'zolari nomidan bir qo‘y qurbonlik qilar edi". (Termiziy rivoyatlari)

3.  Fazilati: Qurbonlik qilishning ulug‘ amal ekaniga Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamning quyidagi hadislari guvohlik beradi: "Qurbonlik kunlari Odam bolasi qiladigan amallar ichida qon oqizishdan (jonliq so‘yishdan) ko‘ra Allohga mahbubroq amal yo‘qdir...". (Ibn Moja va Termiziy rivoyatlari, hasan hadis). Yana Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamdan: "Qurbonlik o‘zi nima?", - deb so‘rashganda, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: "U otalaringiz Ibrohim alayhissalomning sunnatidir", - deb javob berdilar. "Undan bizga qanday ajr bor?", - deyishganida esa, u zot: "Har bir tuki uchun bittadan yaxshilik berilur", - dedilar... (Ibn Moja va Termiziy rivoyatlari). Hadislarda bu dunyoda qurbonlik uchun so‘yilgan jonliqning qiyomat kuni Sirot ko‘prigidan o‘tar paytda xozir bo‘lib, egasini o‘zining ustiga mindirishi va Sirotdan olib o‘tishi aytilgan.

4.  Hikmati: Qurbonlik qilishdagi hikmatlar haqida gapirganimizda, ulardan quyidagilarni eslashimiz lozim:


a)  Islom shiorlarini ulug‘lash; Din shiorlarini hurmat qilish va ulug‘lash iymon alomati bo‘lib, bu ish tufayli Islom mustahkamlanadi, musulmonlarning iymonlari ziyodalashadi.

b)  Bu amal orqali Allohga yakinlik hosil qilish; Zero, Alloh Taolo: "Rabbingiz uchun namoz o‘qing va jonliq so‘ying", - deb buyurgan.


v) Tavhid ahlining imomi Ibrohim alayhissalom sunnatlarini tiriltirish; Alloh Taolo u zotga o‘z o‘g‘illari Ismoilni qurbonlik qilishni vahiy qildi. So‘ng Ismoilning o‘rnilariga bir qo‘chqorni evaz qilib berdi. U zot o‘g‘illari o‘rniga o‘sha qo‘chqorni qurbonlik qildilar. Alloh dedi: "Uni biz ulkan qurbonlik evaziga almashtirib oldik". ("As-Saffot" surasi, 108-oyat)

g) Hayit kuni ahlu oilaga mo‘l-ko‘lchilik yaratib berish hamda faqir va miskinlarga nisbatan mehr-shafqat tuyg‘ularini ommalashtirish;

c)  Chorva hayvonlarini bizga bo‘ysundirib qo‘ygani uchun Allohga shukrona bajo qilish; Alloh Taolo deydi: "...Bas undan yenglar hamda faqir va hojatmandni rizqlantiringlar. Uni sizlarga mana shunday bo‘ysundirib qo‘ydik, shoyadki shukr qilsangizlar. Allohga hargiz uning go‘shti ham, qoni ham yetmas. Lekin Unga sizlar tarafingizdan bo‘lgan taqvo yetur..." ("Al-Xaj" surasi, 36-37-oyatlar)

5. Ahkomlari:

a)  Qurbonlik qilinadigan hayvonlarning yoshi. Alloh yo‘lida qurbonlik qilish qo‘y, echki, mol va tuya kabi hayvonlardan birontasini so‘yish orqali amalga oshiriladi. Qurbonlik qilish uchun tanlangan qo‘yning bir yoshga to‘lgan bo‘lishi shart. Buni arab tilida "jaza'" deydilar. Qo‘y sovliq yoki qo‘chqor bo‘lishi mumkin. Qo‘chqor bo‘lishi afzal sanaladi. Ma'lumki, qo‘y 6 oyda bir yoshga to‘ladi. Shuning uchun uni olti oyda bir yosh deb e'tibor qilinadi. Qo‘ydan boshqa echki, sigir va tuyalarga kelsak, ularning qurbonlikka yaroqli bo‘lishi uchun "saniy" bo‘lishi shart qilingan. "Saniy" mazkur hayvonlarning yoshini belgilaydigan me'yor bo‘lib, u echkining to‘lik bir yoshga kirib, ikkiga qarab ketganidir. Sigirlarda ikki yoshga tulib uchga o‘tgani, tuyada to‘lik to‘rt yoshga kirib beshinchi yilga o‘tgani "saniy" bo‘ladi. Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam bunday deganlar: "So‘ysangiz faqat "musinna"ni so‘yinglar. Agar bu sizlarga og‘irlik qilsa, unda qo‘ydan "jaza'" so‘yinglar". (Muslim rivoyatlari). Hadisni sharh qilgan olimlar "musinna" deganda chorva hayvonlarning "saniy" si tushuniladi, deydilar. Saniyning nima ekanini hozir aytib o‘tdik. Qo‘y, echkini faqat bir kishi qurbonlik qiladi. Tuya va molni yetti kishi sherik bo‘lib qurbonlik qilishi mumkin.

b)  Qurbonlik hayvonining sog‘lom bo‘lishi. Qurbonlikka atalgan jonliq jismonan har qanday nuqsondan xoli, o‘zi sog‘ bo‘lishi kerak. Hayvonning ko‘zi g‘ilay yoki oyog‘i cho‘loq yo esa shoxi tagidan singan, qulog‘i tagidan butunlay kesilgan bo‘lsa, u qurbonlikka yaroqli hisoblanmaydi. Shuningdek, biror kasallik bilan kasallangan, juda ham ozib ketgan jonivorlarni qurbonlik qilish ham nojoiz. Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam aytadilar: "Jonliqning to‘rt turi qurbonlikka yaroqli emas: g‘ilayi, kasali ma'lumi, cho‘log‘i, orig‘i". (Termiziy rivoyatlari).

v) Qurbonlik qilishda eng afzal sanaladigan hayvon. Qurbonlik qilinayotgan chorva hayvonlarining ichida eng afzali - ikki ko‘zi atrofiga va oyoqlariga qora rang aralashgan shoxli, semiz, oq qo‘chqordir. Chunki mana shunday sifatli qo‘yni Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam yaxshi ko‘rganlar va qurbonlik qilganlar. Oisha onamiz aytadilar: "Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam shoxli, semiz qo‘chqorni qurbonlik qildilar". (Termiziy rivoyatlari).

5.  Qurbonlik vaqti: Qurbonlik vaqti hayit kuni ertalab iyd namozidan so‘ng boshlanadi. Namozdan oldin qurbonlik qilish hisobga o‘tmaydi. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: "Kim namozdan ilgari jonliq so‘ysa, faqat o‘zi uchun so‘ygan bo‘ladi. Kim namozdan keyin so‘ysa, qurbonlikni to‘liq qilib, musulmonlar sunnatiga muvofiq ish qilgan bo‘ladi", - deganlar. (Buxoriy rivoyatlari). Hayitdan keyingi ikkinchi, uchinchi kunlarga kelsak, ularda ham qurbonlik qilish mumkin. Lekin afzali hayit namozi o‘qilgan birinchi kundir. Imom Abu Hanifa nazdlarida birinchi, ikkinchi va uchinchi kunlarda qurbonlik qilinishi joiz. Hayitning to‘rtinchi kuni so‘yilgan hayvon qurbonlik hisobiga kirmaydi. 

6.  Jonliq so‘yishda mustahab bo‘lgan ishlar: Hayvonni so‘yayotganda uni qiblaga qaratib yotqizish mustahabdir. Jonliqqa pichoq tortayotgan mahal: "Bismillah, vallohu akbar", - deyiladi yoki: "Bismillah, vallohu akbar, allohumma haza minka va laka", - deb aytiladi. Buning ma'nosi: "Allohning nomi bilan so‘yaman. Alloh buyukdir. Ey Allohim, bu qurbonlik Sen tarafingdan va Senga atalgandir". Hayvon so‘yishdagi zikrlar Kur'onning ushbu oyati bilan sobit bo‘lgan: "Allohning nomi zikr qilinmagan narsadan yemanglar". ("Al-An'om" surasi, 121-oyat).

8. Jonliq so‘yishni boshqaga topshirishning joizligi: Musulmon qurbonligini bevosita o‘zi bo‘g‘izlamog‘i mustahabdir. Uni o‘z nomidan boshqaga so‘ydirsa ham joiz bo‘ladi. Bu borada ulamolar o‘rtasida ixtilof yo‘q.

9. Qurbonlik go‘shtining taqsimoti: Qurbonlik go‘shtini uch qismga bo‘lish mustahab sanaladi. Bir qismini o‘zi ahlu oilasi bilan iste'mol qiladi. Yana bir qismini faqir, beva-bechoralarga sadaqa qiladi. Uchinchi qismini yoru birodarlari, qo‘ni-qo‘shnilariga hadya qiladi. Bunga dalil Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamning quyidagi hadislaridir: "Undan yenglar, saqlab qo‘yinglar va sadaqa qilinglar". (Muttafaqun alayhi). Yana qurbonlik go‘shtini butunlay sadaqa qilib yuborish ham, undan biron bo‘lakni hadya qilmay, faqat o‘zi ishlatishi ham joizdir.

10. Qurbonlikni so‘ygan qassobning xaqqi boshqa narsadan berilishi kerak: Qassobga xizmat haqqi sifatida qurbonlik go‘shtidan berilmaydi. Bunga dalil shuki, Ali raziyallohu anhu aytadilar: "Rasululloh sollallohu alayhi va sallam meni qurbonlik ustida turib, go‘shti, terisi va junlarini sadaqa qilib yuborishimni va qassobga qurbonlikdan biron narsa bermasligimni buyurdilar". So‘ng dedilar: "Biz qassobga o‘zimizdan biron narsa berar edik". (Muttafaqun alayhi).
11. Butun bir oiladan birgina qo‘y kifoya qiladimi? Oila boshlig‘i o‘zi va oilasining nomidan bitta qo‘y so‘ysa kifoya qiladi. Abu Ayyub raziyallohu anhu aytadilar: "Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam zamonlarida kishi o‘zi va oila a'zolari nomidan bitta qo‘y qurbonlik qilardi". (Termiziy rivoyatlari, sahih)

12. Qurbonlik qilishni niyat qilgan odam nimadan chetlashadi? Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam deydilar: "Agar sizlardan kim Zulhijja hilolini ko‘rsa va qurbonlik qilmoqchi bo‘lsa, to qurbonlik qilmagunicha sochini va tirnog‘ini olishdan tiyilsin". (Muslim). Ulamolar mazkur ishlarni qurbonlik qiluvchi odam uchun kuchli makruh sanaydilar.

13. Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamning butun ummat nomidan qurbonlik qilganlari: Musulmonlardan kim qurbonlik qilishdan ojiz bo‘lsa, unga ham albatta qurbonlik qiluvchilar savobidan tegadi, inshoalloh. Chunki Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam ikki qo‘chqorni qurbonlik qilgan paytlarida uning birini: "Ey Allohim, bu mendan va ummatim ichida qurbonlik qilolmaganlardan", - deb so‘yganlar. (Ahmad, Abu Dovud va Termiziy rivoyatlari).

Alloh Taolodan barchamizning dunyo va oxiratimizni obod qilishini, molu dunyoimizga baraka ato etib, har yili ushbu xayrli amalda ishtirok etishga muvaffaq qilishini so‘raymiz.