Quyosh batareyasidan foydalanuvchilar uchun ruxsatnoma talab qilinadimi? 

  • 15:25 / 27.05.2020
  • 231

O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi uyida quyosh energiyasidan foydalanuvchi jismoniy shaxslar uchun hech qanday ruxsatnoma talab etilmasligini ma’lum qildi.

Vazirlikning rasmiy veb sahifasidagi mazkur xabar “shaxsiy maqsadlarda quyosh energiyasidan foydalanish uchun (masalan, uyni yoritish uchun quyosh panellaridan foydalanish) siz ruxsat olishingiz va soliq to‘lashingiz kerak, degan mish-mishlar” ortidan paydo bo‘ldi.
 
Vazirlikka ko‘ra, 2019-yil 21-mayda qabul qilingan "Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish to‘g‘risida"gi qonunida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan elektr energiyasi ishlab chiqarish, shu jumladan shaxsiy manfaatlarda foydalanish tartiblari belgilab qo‘yilgan.

“Qayta tiklanuvchi energiya manbalar (QTEM)dan foydalanib (quyosh, shamol va boshqalar orqali) elektr energiyasi ishlab chiqarish mumkin. Nafaqat o‘zingiz uchun, balki uni sotishingiz ham mumkin. Bunday hollarda, bu tadbirkorlikning eng yangi turi ham hisoblanadi”, deyiladi Vazirlik xabarida.
 
Ta’kidlanishicha, bunday tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida, qonun ularga qayta tiklanuvchi energiya manbalardan lokal elektr tarmoqlarini yaratish, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan elektr energiyasini o‘zaro kelishilgan narxlarda sotish bo‘yicha shartnomalar tuzish huquqini beradi.
 
“Tabiiyki, bu yerda qayta tiklanuvchi energiyadan o‘z ehtiyojlari uchun emas, balki tadbirkorlik, ya’ni elektr energiyasini sotish maqsadida foydalanish haqida gap ketganda, amaldagi biznes qonunlari qo‘llaniladi.
 
Va birinchi turdagi ishlab chiqaruvchilar uchun – ya’ni quyosh energiyasini o‘z ehtiyojlari uchun ishlab chiqaradiganlar uchun nafaqat shartnomalar talab etilmasligi, balki ularga rag‘batlantiruvchi imtiyozlar ham mavjud.
 
Agar aholi faqat qayta tiklanuvchi energiyadan foydalangan holda, ya’ni mavjud energiya tarmoqlaridan to‘liq uzilgan taqdirda, ularga jismoniy shaxslarning mol-mulk solig‘idan va yer solig‘idan uch yil muddatga (QTEMdan foydalanish oyidan boshlab) ozod qilinadi”, deyiladi Vazirlik izohida.