Quyosh kuydirganda nimalar taqiqlanadi?

  • 13:40 / 16.07.2019
  • 730

Foto: Fotolia

Smetana, vazelin va kokos yog‘i haqida unuting.

Tibbiyotga asoslangan holda quyosh kuydirishida samarali yordam ko‘rsatish atigi 4ta punktdan iborat:
1. Sovutish;
2. Namlantirish;
3. Og‘riqni kamaytirish va yallig‘lanishni bartarf etish (zarur holda);
4. Tuzalishini kutish.

Ushbu maslahatlar oddiy va tushunish oson. Bundan tashqari esa, ultrabinafsha nurlardan aziyat chekkan teriga tezroq yordam berish uchun ba'zida mos bo‘lmagan vositalardan foydalanish holatlari ham uchrab turadi. Buvilardan qolgan odatlar foydadan ko‘ra zararga xizmat qilishi mumkin.

Dermatologlarning sinalgan tavsiyalari va quyosh kuyganda man etilgan harakatlar haqida ma'lumot berishga harakat qilamiz.

1. Terini sovuting

Birinchi qadam — iloji boricha tezroq to‘g‘ridan-to‘g‘ri tushuvchi quyosh nurlaridan panaga o‘ting. Soyaga o‘tish ham qoniqtiradi, lekin eng yaxshisi sovutilgan xona. 

Ikkinchisi — qizib turgan terini tinchlantiruvchi kompresslardan foydalanish. Buning uchun muzdek suvda (chuchuk suv bo‘lsin, dengiz suvi emas!) namlangan sochiqni zararlangan teriga 5-10 daqiqaga qo‘yish kerak. Zarurat tug‘ilsa, takrorlang. Sovuq dush yoki vanna qabul qilish ham mumkin.

Nima taqiqlangan?
Kompress uchun mo‘ljallangan suvga yoki vannaga boshqa narsalar qo‘shmang. Tuz (hatto, yorlig‘ida «tinchlantiruvchi» deb yozilgan bo‘lsa ham), etanol, siydik, uksus kabilar shikastlanmagan teri hududiga ham zarar yetkazadi va shish yoki behalovatlikka sabab bo‘ladi.

2. Terini namlantiring

Bu ham ikki qadam bilan amalga oshadi. Avvalo, ustki qismni namlantiring. Buning uchun vannadan chiqishda yoki kompressni yechgandan keyn tanani yumshoq quruq sochiq bilan arting, lekin yengil namlikni saqlab qoling. So‘ngra namlantiruvchi vositalar bilan terini parvarish qiling. Mayo Clinic tadqiqot markazi mutaxassislari tarkibida aynan kamfor va mentol mavjud bo‘lgan kremlardan foydalanishni tavsiya etishadi, ular namlantirish jarayonida sovutish natijasini ham beradi.

Ikkinchi qadamda ichki organizmni suvga ehtiyojini bosish kerak. Kuyishdan so‘ng ko‘proq suv iching.

Nima taqiqlangan?
Dastlabki kunlarda teriga har qanday yog‘li yoki plyonkali vositalar qo‘yish mutlaqo mumkin emas. Tiklash jarayoni davomida u yaxshi nafas olishi kerak.

Man etiladi:

  • yog‘li oziqlantiruvchi kremlar;
  • moylar, shuningdek kokos moyi;
  • har qanday yog‘lar — g‘oz yog‘i, bo‘rsiqdan olingan yog‘;
  • smetana, qatiq va boshqa sut mahsulotlari;
  • vazelin;
  • asal;
  • tuxum sarig‘i.

Kuygan teriga tarkibida dekspantenol moddasi saqlovchi mahsulot bilan parvarish berish kerak degan fikr ham hozirgi xalqaro tibbiyot tomonidan rad etilgan.

3. Og‘riq va yallig‘lanishga chora ko‘ring

Paratsetamol yoki ibuprofen asosli og‘riq qoldiruvchi qabul qiling. Bunday preparatlar noxush hislarni bosibgina qolmay, shish va qizarishni kamaytirishga ham yordam beradi. 
Samarani oshirish uchun retsepsiz sotib olish mumkin bo‘lgan gidrokortizon tarkibli krem surting.

Nima taqiqlangan?
Lidokain va benzokain mavjud bo‘lgan mahsulotlardan uzoq turing.

4. Kuting

Teri tiklanguniga qadar quyosh nurlariga chiqmagan ma'qul. Agar zarurat shuni taqozo etsa, uzun yengli keng kiyim va oftobdan asrovchi bosh kiyim kiyib oling. Zararlangan terini namlantirishda davom eting. 

Terida qavariq, g‘urra, po‘rsildoqlar paydo bo‘lishi mumkin. Dermatologlarning fikricha, ular epidermisning yashab ketishi va infeksiyalar bilan kurarshishiga yordam beradi. Ularga tegmang.
Agar pufakcha o‘zi yorilsa, o‘rnini sovunli suvda yaxshilab yuvish va antiseptik — tarkibida spirt bo‘lmagan (masalan, xlorgeksidin) yoki suvli maz surish va yarani bint bilan bog‘lab olish kerak.

Nima taqiqlangan?
Terapevt yoki dermatologga uchrashni (kuchaygan alomatlarda esa tez yordam chaqirishni) ortga surmang.

Agar:

  • Teridagi pufakchalar hajmi 1,5 sm va undan katta bo‘lsa. Katta ehtimol bilan ular yoriladi va infeksiya o‘chog‘iga aylanadi. Yaxshisi ularni mutaxassis yordamida ochish va tozalash kerak.
  • Qavariqlar katta hajmni qamrab olsa, masalan yelkadan belgacha. Yuqoridagi maslahatni takrorlaymiz.
  • Yorilgan pufakcha o‘rnida yallig‘lanish, qizarish va toshma boshlansa.
  • Kuyish yuzaga keltirgan og‘riq vaqt o‘tishi bilan pasayish o‘rniga kuchaysa.
  • Bosh og‘rig‘i, bosh aylanishi, idrok sustlashishi, ko‘ngil aynish, bezgak, titrash kuzatilsa. Bu alomatlar sog‘liq va hayot uchun xavfli bo‘lgan issiq urishining alomatlari bo‘lishi mumkin. 
  • Infeksiyalanish belgilari vujudga kelsa — yiringli qavariqlar yoki kuygan teri ostida ko‘rinib turuvchi qizil chiziqlar. Infeksiya qon zaharlanishiga olib kelishi mumkin, vaqtida oldini olish zarur.
Teglar