Rahbar xodimlar uchun harbiy yig‘in o‘tkazildi 

  • 11:28 / 03.12.2019
  • 21

“Chirchiq” umumqo‘shin dala-o‘quv maydonida vazirliklar va boshqa davlat tashkilotlari rahbarlari tarkibi bilan besh kunlik yig‘in o‘tkazildi. 

Yig‘in yakunida qatnashchilarga sertifikat va bir guruh zaxiradagi harbiy xizmatchilarga navbatdagi ofitserlik unvonlari topshirildi. 

Ishtirokchilar dala-o‘quv maydonida bajargan amaliy mashg‘ulotlari mobaynida jismoniy, saf, topografiya va taktik tayyorgarliklar, o‘qotar qurollardan otish, jangovar texnikalarni boshqarish kabi qator sinovlardan o‘tdi. 

Shuningdek, yig‘in ishtirokchilari bilan mashg‘ulotlar chog‘ida dunyo va mintaqada kechayotgan harbiy-siyosiy vaziyatlar qiyosiy tahlil etildi. Jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik, tinchlik va urush davrida front orti ta’minotini tezkor tashkillashtirish yuzasidan tushunchalar berildi. 

 Soha mutaxassislari harbiy xizmatchilarning axloqiy-ruhiy tayyorgarligini oshirib borish, kuch tuzilmalarining vazifalari va imkoniyatlari xususida ma’ruza qildi. 

Eslatib o‘tamiz, ushbu yig‘in mashg‘ulotlarining ikkinchi bosqichi joriy yilning dekabr oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.