Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etishga oid Prezident qarori imzolandi

  • 09:25 / 29.04.2020
  • 102

“Elektron hukumat” uchun mobil aloqa kompaniyalari ham mablag‘ ajratadi.

Bu borada kecha, 28-aprel kuni Prezidentning “Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori imzolandi. 

Shuningdek, hujjat asosida:

2022-yilga qadar elektron davlat xizmatlari ulushi 60 foizgacha yetkaziladi.

2023-yilga kelib ushbu sohadagi xizmatlar hajmi 3 baravarga oshirilib, ularning eksporti 100 million dollarga yetkaziladi. 

“Besh tashabbus” loyihasi doirasida 2022-yilgacha respublikaning barcha hududlarida raqamli bilimlarga o‘qitish markazlari ochiladi. 

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni rivojlantirish sohasidagi vakolatli organ hisoblanadi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi markaziy apparati tuzilmasida shu sohaga mas’ul bo‘lgan vazir o‘rinbosari lavozimi joriy etiladi.

“UZINFOCOM” MChJning ustav kapitalidagi davlat ulushi vazirlikka beg‘araz o‘tkazib beriladi. 

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasida elektron hukumat va raqamli iqtisodiyotning idoralararo loyihalarini moliyalashtirish bo‘yicha maxsus hisob raqam ochiladi. 

Unga mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar tomonidan abonent raqamidan foydalanganlik uchun to‘lanadigan to‘lov summasining taqsimlanguniga qadar bo‘lgan 35 foizi, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali davlat xizmatlarini ko‘rsatganlik uchun to‘langan davlat bojlari, yig‘imlar va barcha turdagi to‘lovlarning 11,25 foizi, shuningdek, Yagona billing tizimi orqali davlat xizmatlarini ko‘rsatganlik uchun to‘langan davlat bojlari va boshqa to‘lovlardan tushadigan mablag‘larning 0,5 foizi o‘tkazib beriladi. 

Ma’lumot uchun, hujjatning to‘liq matni O‘zAda keltirilgan.