Rasman: Bu yilgi hayit namozi uyda o‘qiladi

  • 09:59 / 22.05.2020
  • 575

Avval xabar berganimizdek, 21-may kuni O‘zbekiston Prezidenti O‘zbekiston musulmonlari idorasining 2020-yilda Ramazon hayitining birinchi kuni 24-may yakshanba kuniga to‘g‘ri kelishi haqidagi qarori inobatga olinib, Ramazon hayitini nishonlash to‘g‘risidagi qarorga imzo qo‘ygan edi.

O‘zbekiston Musulmonlar idorasi Ulamolar Kengashining xabar berishicha, 2020-yilgi Ramazon hayiti (Iydul fitr) namozini pandemiya davrida jamoat bo‘lib o‘qish imkoniyati mavjud emasligi, mo‘min-musulmonlarning zimmasidan ushbu ibodatni soqit qiladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashining koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish bo‘yicha fatvosi va Ramazon oyini o‘tkazish haqidagi bayonotida qayd etilganidek, epidemiologik vaziyatni inobatga olgan holda juma namozi o‘rniga uyda peshin namozini, besh vaqt namoz va Ramazon oyidagi taroveh namozini uyda o‘qish haqidagi tavsiyalar ayni Ramazon hayiti namoziga ham tegishlidir.

Ramazon hayiti kunlari epidemik holat mavjudligi va odamlarning hayotiga xavf saqlanib qolishi sababli juma va boshqa namozlar kabi Iyd namozini ham jamoat bo‘lib o‘qishning iloji bo‘lmaydi, deyiladi xabarda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ramazon hayiti arafasida barcha telekanallar orqali efirga uzatilishi rejalashtirilgan ko‘rsatuvlar Media-rejasi asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi qoziyoti qozisi, Toshkent shahar va viloyatlar bosh imom-xatiblari hamda xalqimiz orasida obro‘li diniy ulamolar tomonidan tashkil qilinadi va keng yoritiladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi qoziyoti qozisi, Toshkent shahar va viloyatlar bosh imom-xatiblari tomonidan ijtimoiy tarmoqlar orqali, “Ramazon hayiti muborak bo‘lsin!” mavzusidagi ma’ruzalarni Ramazon hayiti kuni onlayn tarzda berib borish tashkil etiladi.