Rassom barmoqlari bilan g‘aroyib asarlar yaratmoqda

  • 13:23 / 31.01.2019
  • 3843

Zariya Forman – giperrealistik rasmlar chizadigan rassom. U bo‘yoq va barmoqlardan foydalanadi. 

Bolalik

Rassom qiz o‘z bolaligini xotirlab ko‘plab sayohatlar haqida hikoya qiladi. Bolaligi davomida uning oilasi dunyoning turli burchaklarida bo‘lgan. Rassomning onasi fotograf. Arktikaning sovuq, qumli va kimsasiz manzaralari unda eng ko‘p taassurot uyg‘otgan.

Ekspeditsiya

Zariya 2012 yilda Grenlandiya qirg‘oqlariga ekspeditsiya tashkil qildi. Maqsad okeanning sokin go‘zalligi va Grenlandiya muzliklarining sovuq sukunatini aks ettirish edi.

Qiz bir necha rasmlar seriyasini yaratdi. Ayrim xolstlar 1,25 metrga 2 metr o‘lchamga ega.

Rasmlar

Har bir asarni yaratish uchun Zariyaga bir haftadan to‘rt haftagacha vaqt zarur. Muzliklar va dengiz ko‘pigi jonlidek, haqiqiydek ko‘rinadi. Rassom o‘z ishlarida hatto haroratni ham bera olgan.

Har bir nazar solgan kishi muzliklarning tanani junjiktiradigan va keskin kayfiyatini his eta oladi. Bu seriyani rassom qiz Chasing The Light nomi ostida birlashtirdi.

G‘oya

Rassom Zari Forman uchun Grenlandiya dengizlari va muzliklarining rasmlari ijodning o‘zigina emas. Qiz o‘z asarlari orqali muzliklarning erishi va global isish masalasi haqida so‘zlaydi.

U odamlar e'tiborini ekologiyada mavjud muammolarga qaratadi.

Bugun aysberglar aql bovar qilmas darajada erimoqda. Insonning tabiat muvozanatini buzib amalga oshirayotgan faoliyati ana shunga olib kelmoqda. Odam yerni holdan toydirgan, dunyo okeanini ifloslantirgan holda tabiiy resurslardan foydalanmoqda. Ekologiyaning buzilishi to‘g‘rilab bo‘lmas oqibatlarga olib keladi.

Rassom tabiatning barcha nozikligi va go‘zalligini odamlarga yetkazishga harakat qilgan. Uning okeani xolstlarda yashayotgan va nafas olayotganga o‘xshaydi. Muzliklar esa o‘zining sovuq qudrati bilan kishiga zavq beradi. Qiz asarlari odamlar qalbiga yetib borishi va insonlar yuzaga kelgan vaziyatga e'tibor qaratishlariga umid qiladi. U insoniyatni tabiatga nisbatan hurmat va asrab-avaylash hissi bilan munosabatda bo‘lishga chaqiradi.

«San'at istalgan inqirozning tabiatini chuqurroq tushunishga yordam beradi», - deydi rassom.

Zariya Forman asarlar savdosidan tushgan pullarning bir qismini atrof-muhitni himoya qilish bo‘yicha jamg‘armaga xayriya tariqasida beradi.

Teglar