Ravshan Ermatov: «Adolat o‘rnatmasak, futbolimiz bir qadam ham oldinga yurmaydi»

  • 16:32 / 29.06.2019
  • 418

Foto: Tribuna.uz

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov ushbu lavozimga tayinlanganidan keyin ilk marta jurnalistlar bilan muloqotda bo‘ldi. Uning O‘FAda tashkil etilgan matbuot anjumanida bildirgan fikrlarini Tribuna.uz muxbiri keltirib o‘tadi.

«Bu lavozimga saylangan kunimda menga bu yerda o‘tirishdan ko‘ra futbol maydonida bo‘lish qulayroqdek tuyulyapti, degan gaplarim samimiy edi. Doim futbol maydonida bo‘lganman. Lekin hozir ham futbol ichida ekanimdan baxtiyorman.

Ishonch so‘zi men uchun doim ustuvor bo‘lib kelgan. Oldingi faoliyatimizda ham OFK va FIFA bizga og‘ir, hal qiluvchi o‘yinlarda ishonch bildirishardi. Har gal maydonga chiqqanimizda bizga ishongan insonlarning ishonchini oqlash eng asosiy maqsadlarimizdan biri bo‘lgan.

Tan olishimiz kerak, futbolimiz maqtanadigan darajada emas. O‘zbek futboli bundan yaxshiroq, sog‘lomroq bo‘lishini xohlaymiz. Bu mas'uliyatli vazifalarni, muammolarni ko‘rib, bir chetda tomoshabin bo‘lib turish – futbolni yaxshi ko‘rgan, vatanparvar insonga yarashmaydi.

Futbolimizda adolat o‘rnatish, kelishilgan o‘yinlar va totalizator – futbolimizdagi eng og‘riqli nuqtalardan. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonivich har bir ishga adolat bilan yondashib, hammamizga o‘rnak bo‘layotgan vaqtda, kimning haqqi bor zo‘rg‘a nafas olayotgan futbolga bosim o‘tkazishga, adolatsizlik qilishga?  Hech kimning haqqi yo‘q.

Futbolda adolat o‘rnatmas ekanmiz, u bir qadam ham oldinga yurmaydi. Amir Temur bobomizning ham «Kuch – adolatda» degan so‘zlari o‘zbek xalqining qonida, har birimizning yuragimizda. Buni futboldagi hamma tushunishi kerak.

Men tushunaman, futbol – xatolar o‘yini. Buni dunyoning eng manaman degan mutaxassislari ham tan oladi. Murabbiy, futbolchi va hakamlar har o‘yinda xato qilishi mumkin, lekin bu xatolar ataylab qilingan bo‘lmasligi kerak.

Bizda hozir totalizator va kelishilgan o‘yinlarda ishtirok etuvchilarni aniqlash bilan shug‘ullanadigan bo‘limimiz juda faol ishlayapti. Dunyodagi eng yomon kasallik – ochko‘zlik, o‘z manfaatini birinchi o‘ringa qo‘yish. Qing‘ir ishlarda ishtirok etib, o‘z nomiga dog‘ tushirgan yaxshimi yoki halol ishlab, muxlislar mehrini qozongan yaxshimi?» – dedi Ravshan Ermatov.

Eslatib o‘tamiz, FIFA referisi 14 iyun kuni O‘FA vitse-prezidenti etib saylangan edi.

Teglar