“Real” sharmanda bo‘lishiga bir baxya qoldi, raqib hujumchisi golini Ronaldu uslubida nishonladi

  • 12:43 / 02.10.2019
  • 297

“Real”ning oʻyini yana bir bor Chempionlar ligasidagi sensatsiyalardan biri boʻldi. Madridliklar turnirda qatorasiga ikkinchi bor magʻlub boʻlishiga bir baxya qoldi, ammo jamoa faxriylari “Bryugge”ga qarshi oʻyinda jamoani magʻlubiyatdan qutqarib qolishdi (2:2).

Belgiyaliklar rekordi

 Chempionlar ligasida birinchi turdan keyin eng noodatiy kartina A guruhida kuzatilayotgandi. “Real”ni soʻnggi oʻrinda koʻrish — bu hali birgina oʻyindan keyin boʻlsa ham — nonsens edi. Ayniqsa “Qirollik klubi” Ispaniya chempionatida peshqadamlik qilayotgan mahalda. Madridliklar ichki turnirda qatorasiga uchta turda gol oʻtkazmasdan gʻalabali seriya qayd etishdi, ammo Yevrokubokda “PSJ”dan alamli magʻlubiyat qabul qilib oldi (0:3).

“Biz fanatlardan qarzimizni qaytarishimiz kerak”, - degandi oʻyindan oldin Zinedin Zidan. U oʻyinlari oʻziga hech qachon yoqmagan Beyl va Xames Rodrigesni oʻyinga jalb qilmadi. Bu juftlik amalda jarohatidan endi tuzalgan Isko va Marseloga joylarini boʻshatib berishdi. Safga qaytgan ikki futbolchi ham zaxirada qolishdi va birinchi boʻlimda oʻz jamoalarining mavsumni magʻlubiyatsiz oʻtkazayotgan “Bryugge”ga qanday magʻlub boʻlayotganini kuzatib oʻtirishdi.

Zidan maydonga bir necha kun oldin Madrid derbisida oʻynagan tarkibda faqat ikki oʻzgarish qildi - Garet Beyl va Federiko Valverde oʻrnida Luka Modrich va Lukas Vaskes oʻyinni ilk daqiqalardanoq maydonda boshladi. Bu jamoa sardori Serxio Ramos uchun YeChLdagi yubiley - 120-oʻyin edi va u bu borada oʻz ampluasida Roberto Karlos tomonidan oʻrnatilgan rekordni takrorladi.

“Real” 11-daqiqadayoq gol oʻtkazib yubordi. “Qaymoqranglilar” “Santyago Bernabeu”da 2007-yildan buyon buncha barvaqt gol oʻtkazishmagandi. Bu vaziyatda dastlab hakam ofsayd holatini qayd etdi, ammo mezbonlar himoyasi ofsayd tuzogʻini qoʻyishda xatoga yoʻl qoʻyishgandi, VAR gol haqqoniyligini tasdiqladi. Chindan ham mehmonlar yarimhimoyachisi Persi Tau qanotda toʻgʻri pozitsiyada turib toʻpni qabul qilgan va toʻpni Vanakenga uzatgan, u esa Dennisni golli pas bilan taʼminlagandi. Kulgili tarafi belgiyaliklar hujumchisi toʻpga zarba bermagan, u toʻpni oʻziga boʻysundira olmagan, toʻp uning oʻng oyogʻiga emas, chap oyogʻiga kelgan va undan uzoqlashgandi, lekin toʻp yiqilishga ulgurgan Tibo Kurtuaning yonginasidan oʻtib ketdi. Belgiyaliklar Chempionlar ligasida hali buncha barvaqt gol urishmagandi.

Tanaffusgacha nokdaun 

 “Real” bu vaziyatda soxta akademikka oʻxshab qolgandi. Jamoa toʻpga egalik qilar, ammo xuddi gol osmondan tushishini kutayotgandek edi. Bu oʻyinda Azar yana oʻziga oʻxshamadi, holbuki u mavsumni muvaffaqiyatsiz oʻtkazayotgan boʻlsada Zidan uni himoyasiga olgan. U oʻzi ham Madridga kelganida moslashish davrini boshdan kechirganini eslab, belgiyalik futbolchining klubdagi kelajagidan mutlaqo xotirjamligini bildirgan. Ammo Azarda oʻziga ishonch yetishmayapti. U oʻziga xos zarbasi bilan darvozasini ishgʻol etishi mumkin boʻlgan vaziyatlarda toʻpdan qutulishga harakat qilmoqda.

Toʻgʻri, u jamoadoshlariga qulay paslar yetkazmoqda. Lekin u pas uzatib hujum tempini tushirib qoʻyayotgan vaziyatlar ham boʻlmoqda yoki undan toʻpni qabul qilib olgan jamoadoshlari aniq zarba bera olmayapti. Birinchi boʻlimda madridliklar safida gol urishga eng yaqin kelgan futbolchi Varan boʻldi, ammo uning bosh bilan yoʻllagan zarbasini Minyole bartaraf etdi. Maydon egalarining bu vaziyatda omadi kelmadi, ammo ular hali oʻzlarini oldinda nima kutayotgani bilishmasdi.

Boʻlim oxirida Modrich Dennisning bosimi ostida toʻpni yoʻqotdi, toʻpni egallab olgan nigeriyalik hujumchi esa oldinga yugurdi va darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib bordi, u bu safar ham tezligini toʻgʻri chamalay olmasdan qoqilib ketdi, ammo oyoqda turib qolishga erishdi hamda toʻpni Kurtuaning ustidan oshirib tashladi.

Golini Krishtianu Ronaldu uslubida nishonlab esa mezbonlarni tahqirladi. “Qaymoqranglilar” YeChL oʻyinlarida birinchi bor “Santyago Bernabeu”da qatorasiga uchinchi oʻyinda oʻz darvozasidan kamida ikkita gol oʻtkazmoqda. Muxlislar oʻz jamoasini tanaffusga hushtakbozliklar bilan kuzatdi.

Ramos va Kazemiro sharmandalikka yoʻl qoʻymadi

 Oʻtkazib yuborilgan ikki golda ham Serxio Ramos ideal darajada harakat qila olmadi. Eder Militao zaxirada qoldirilgani Zidanga koʻp savollar tugʻdiradi. Fransuz murabbiy esa oʻzining eski gvardiyasiga ishonch bildirishda davom etmoqda, faqat bir narsa tushunarsiz, “Real” unda nega yozda yangi futbolchilar uchun 300 million yevro sarflagandi. Yovich zaxira oʻrindigʻida, Rodrigu tarkib ro‘yxatida ham yoʻq... Bu qarorlar mantiq koʻrinmaydi.

Bu oqshomda Zidan ikkinchi boʻlimda oʻyinni kuchaytirishi mumkin boʻlgan zaxiraga ega emasdi. U oqsoqlanayotgan Nacho oʻrniga Marseloni, oshqozonidagi muammosi tufayli Kurtua oʻrniga Areolani tushirishga majbur boʻldi. Balki qorni ogʻrib qolmaganida ham Zizu uchta zarbadan ikkitasini oʻtkazib yuborgan va muxlislarning nafratiga yoʻliqqan (toʻp unga kelganida butun stadion uvullay boshladi) darvozabonni zaxiraga olgan boʻlardi. Nima boʻlmasin bu qaror foyda berdi — Dennis Ramosning navbatdagi xatosidan foydalanib, Varandan ham oʻtib, darvozabon bilan yakkama-yakka holatda qoldi, ammo Areola “Real”ni oʻyinda qoldirdi.

Keyin esa sardor oʻz xatolarini yuvib, VAR yordamida hisobni qisqartirdi.

Jonli efirdagi kadrlarda u ofsayddan gol urgandek koʻrindi, hamma videotakror ham madridliklar foydasiga ishlayotgani haqida gapira boshladi, faqat arbitr maydon markazini koʻrsatganidan keyin internetda hakamning qarori toʻgʻriligini isbotlovchi stop-kadrlar paydo boʻldi.

Ramos Pikedan keyingi Chempionlar ligasida 10ta gol urgan ikkinchi futbolchi boʻldi, u shuningdek turnirda bosh bilan gol urish boʻyicha Jon Terriga tenglashib oldi (7tadan).

Belgiyaliklar gʻalabani saqlab qola olishmadi. Hisobni qisqartiruvchi goldan keyin madridliklar Minyole darvozasi tomon bosimni kuchaytirishdi, Zidan maydonga Vinisius Juniorni tashladi. Braziliyalik futbolchining fintlari jamoaga yordam berdi. Mehmonlar sardori Former 7 daqiqa ichida Azar va Juniorga ishlatgan qoʻpolliklari tufayli ikkita sariq kartochka olib maydonni tark etishga majbur boʻldi, uning chetatilishidan bir daqiqa oʻtib Kazemiru Kroosning uzatmasini boshi bilan darvozaga yoʻllab, hisobni tenglashtirdi.

Ramos oʻyin oxirida Minyolening xatosidan keyin gʻalaba golini urishi ham mumkin edi, ammr bu ajoyib oʻyin oʻtkazgan “Bryugge”ga nisbatan adolatsizlik boʻlardi. Qora-koʻklarga — olqishlar, “Real” va Zidanga esa koʻplab savollar.

Guruh peshqadami “PSJ” esa Neymarsiz Turkiyada “Galatasaroy” ustidan xotirjamlik bilan gʻalaba qozondi va guruh peshqadamligini mustahkamladi. “Real”da 2 oʻyindan keyin 1 ochko bor.

Emmanuel Dennis kim?

“Santyago Bernabeu”dagi oʻyin qahramoni ikki yil avval Ukraina chempionatida Luganskning “Zarya” klubida toʻp surardi, u Yevropaga Abujadagi akademiyadan kelgan. Bu hujumchi Ukrainada yaxshi mavsum oʻtkazgach, “Bryugge” uni 1,3 mln yevro evaziga sotib olgan. Ikki mavsumda u “Bryugge” safida 82 oʻyinda 24 gol urishga erishdi.

 “Biz Nigeriyada yosh, talantli futbolchi borligini payqadik. Uning istiqbolli futbolchi ekanini hisobga olib, jamoaga olib keldik. Hozir koʻplab klublar yosh futbolchilarga ishonch bildirishmoqda. Biz tavakkal qilmadik”, degandi oʻshanda “Zarya” bosh murabbiyi Yuriy Vernidub.

Emmanuel uni Nigeriyadan Yevropaga olib kelganlarning ishonchni oqladi. “Real” bilan oʻyinda ushbu nigeriyalik hujumchi raqib darvozasiga YeChL oʻyinining bir boʻlimida ikki gol urish orqali Dmitriy Radchenko (“Spartak”) va Mario Manjukichning (“Yuventus”) natijalarini takrorladi.

Chempionlar ligasi. 2-tur. A guruhi

“Real” (Ispaniya) — “Bryugge” (Belgiya) — 2:2 (0:2)
Gollar: Dennis, 9 (0:1). Dennis, 39 (0:2). Serxio Ramos, 55 (1:2). Kazemiro, 85 (2:2).

“Real” (Madrid): Kurtua (Areola, 46), Karvaxal, Varan, Serxio Ramos, Nacho (Marselu, 46), Kroos, Kazemiru, Modrich, Vaskes (Vinisius Junior, 67), Benzema, Azar.

“Bryugge”: Minyole, Klinton Mata, Mexele, Deli, Sobol, Vormer, Rits, Vanaken, Diatta, Dennis (Openda, 71. Kuls, 87), Tau (Sxreyvers, 90+2).

Ogohlantirishlar: Minyole, 69. Openda, 77. Vormer, 78. Azar, 90+2.

 Chetlatish: Vormer, 84 (qoʻpol oʻyin, ikkinchi s.k.).

 Hakam: Kabakov (Bolgariya).

 1-oktyabr. Madrid. “Santyago Bernabeu” stadioni.

Teglar