Respublika byudjetidan rejalashtirilgan ayrim xarajatlar ikkinchi yarim yilga o‘tkaziladi

  • 11:27 / 16.04.2020
  • 107

Joriy yil 15-aprel kuni “Koronavirus pandemiyasi davrida O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti barqarorligini ta’minlash va birinchi navbatdagi tadbirlarni o‘z vaqtida moliyalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident qarori qabul qilindi.

Mazkur qarorga ko‘ra, respublika byudjeti va mahalliy byudjetlar xarajatlari maqbullashtiriladi. 2020-yil II choragi uchun rejalashtirilgan ayrim xarajatlar 2020-yilning ikkinchi yarim yilligiga o‘tkaziladi.

Davlat hokimiyati organlari, sud va prokuratura organlari, vazirliklar va idoralarning byudjetdan tashqari jamg‘armalari xarajatlari qisqartiriladi va iqtisod qilingan mablag‘lar respublika byudjetiga yo‘naltiriladi (mehnatiga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish xarajatlari bundan mustasno).

Vazirlik, idoralar va ularning hududiy bo‘linmalarining joriy yil 1-avgustiga qadar byudjetdan tashqari jamg‘armalar hisobidan asosiy vositalarni xarid qilish, qurilish, rekonstruksiya va kapital ta’mirlash bilan bog‘liq xarajatlari to‘xtatiladi, moliyalashtirish boshlangan chora-tadbirlar bundan mustasno.

Ustav kapitalida 50 foiz va undan ortiq davlat ulushi bo‘lgan korxonalar va tashkilotlarda 2019-yil uchun olingan va 2020-yilda olinadigan sof foyda bo‘yicha davlat ulushiga hisoblangan dividendlar to‘lig‘icha Davlat byudjetiga o‘tkaziladi.

Oliy Majlis palatalari, sud va prokuratura organlari, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, barcha vazirlik va idoralar hamda ularning hududiy organlari, ularning tarkibiga kiruvchi tashkilotlar va jamg‘armalar uchun yagona mehnatga haq to‘lash tizimini tatbiq etish bo‘yicha Prezident qarori loyihasi ishlab chiqiladi.

Izoh qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting.