«Rossiyada ish yo‘q». Tojikistonga pul jo‘natmalari hajmi kamaymoqda

  • 18:51 / 05.07.2019
  • 501

Foto: Vedomosti

Tojikistonlik mehnat migrantlarining Rossiyada ish topishi tobora qiyinlashmoqda. Ekspertlar taxminicha, Rossiyada joriy yilgi inqiroz tufayli RFdan tojik migrantlarining pul jo‘natmalari miqdori sezilarli darajada kamayadi.

Ca-news xabariga ko‘ra, Rossiyadagi migrantlar tomonidan pul mablag‘lari Tojikiston yalpi ichki mahsulotining 40 foizigacha to‘g‘ri kelardi.

«Vaziyat keskin o‘zgardi, deyarli har kuni ish izlayapmiz. Hamqishloqlarimning aksariyati ishsiz o‘tiribdi. Ba'zan shunday bo‘ladi: ish beruvchi bilan kelishib olasan, ertasi kuni esa u qo‘ng‘iroq qiladi va boshqa, nisbatan «arzonroq» ishchi topganini aytadi. Rossiyaliklarning o‘zi so‘nggi yillarda daromadlari keskin kamayib ketganini tan olmoqda», - deydi Bobojon G‘ofurov tumanida yashovchi, so‘nggi o‘n yildan beri Rossiyada ishlayotgan 33 yoshli Sohibxon Nurov.

Migrantning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yili u yoz boshlanishiga qadar uyiga 100-200 ming rubl (1600-3000 dollar) yuborgan bo‘lsa, bu yil - 40 ming rubldan (630 AQSh dollari) kam.

Statistik ma'lumotlarga ko‘ra, joriy yilning birinchi choragida Rossiyadan Tojikistonga pul jo‘natmalari miqdori 2018 yil shu davriga nisbatan 5,1 foizga kamaydi.

Moskvadagi Oliy iqtisodiyot maktabi ilmiy tadqiqot instituti kichik ilmiy xodimi Daniil Kashnitskiy fikricha, «tojik migrantlari daromadining pasayishiga asosiy sabab - G‘arbning Rossiyaga qarshi sanksiyalari. Ba'zi yirik rus kompaniyalari mamlakat tashqarisida ishlash imkoniyatidan mahrum, shuning uchun davlat budjetiga daromadlar kamaymoqda. Bularning barchasi mehnat muhojirlariga ham ta'sir ko‘rsatmoqda».

Turli statistik ma'lumotlarga ko‘ra, Rossiyada Tojikistonning 800 mingdan 1 milliongacha fuqarosi ishlamoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yilda Rossiyadan O‘zbekistonga 4 milliard dollar miqdorida pul jo‘natmalari yuborilgandi.

Teglar