Rossiyadagi elchixona vatandoshlar uchun bo‘sh ish o‘rinlari haqidagi ma'lumotni e'lon qildi

  • 12:45 / 14.05.2019
  • 211

O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi saytida davlat va xususiy tashkilotlarda yuqori malakali vatandoshlar uchun mavjud ish o‘rinlari haqida ma'lumotlar bo‘lgan bo‘lim ochildi.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan hamkorlikda «O‘zbekistondagi bo‘sh ish o‘rinlari» nomli yangi loyihani taqdim etmoqda. 

Bunda O‘zbekiston Respublikasi davlat va xususiy tashkilotlarida yuqori malakali vatandoshlarimiz uchun mavjud bo‘sh ish o‘rinlari haqida batafsil ma'lumotlar keltirilgan.

Bo‘limda ish beruvchi, faoliyat sohasi/lavozim turi, ish hududi, nomzodlarga talablar, taklif qilinayotgan ish haqi hamda murojaat qilish yoki rezyume yuborish uchun telefon raqamlari havola etilgan.

Hozir loyihada poytaxt va Toshkent viloyatida mavjud bo‘lgan 115ta ish o‘rni haqida ma'lumot bor. Barcha nomzodlar oliy ma'lumotga ega bo‘lishlari shart. Eng kam ish haqi miqdori - 2,3 mln, maksimal summa - 10 mln so‘m.