S vitamini mavjud mahsulotlarni ko‘proq iste'mol qilish uchun 7 sabab

  • 11:54 / 08.02.2019
  • 4553

Muhimi – haddan oshirib yubormaslik

S vitamini – sog‘lig‘imiz uchun o‘ta muhim va zarur mikroelement. Ayniqsa u organizm tomonidan mustaqil tarzda ishlab chiqarilmasligi hisobga olinsa, biz uni taom va dori vositalaridan yetarli miqdorda olishimiz lozim.

Mutaxassislar S vitaminini har kuni erkaklarga 90 mg va ayollarga 75 mg miqdorda iste'mol qilishni tavsiya etadilar. Nima uchun bunday qilish kerakligiga ilmiy isbotlangan yetti sabab esa quyidagilar:

1. Surunkali kasalliklar ehtimolining pasayishi

S vitamini kuchli antioksidant bo‘lib, organizmning tabiiy himoyasini kuchaytiradi.

Antioksidantlar – immun tizimini qo‘llab-quvvatlaydigan moddalar bo‘lib, ular hujayralarni zararli molekula – erkin radikallardan himoya qiladi.

Erkin radikallar organizmda to‘planib, oksidlanish holatini chaqirishi mumkin. U sog‘lom hujayralarning yemirilishini yuzaga keltirib, oxir-oqibat turli surunkali kasalliklarga olib keladi.

Tadqiqotlar S vitaminining ratsionda ko‘paytirilishi qondagi antioksidantlar darajasini uchdan bir qismga oshirishi mumkinligini ko‘rsatgan. U organizmga yallig‘lanish jarayonlari bilan mustaqil kurashishda yordam beradi va xavfli kasalliklar ehtimolini kamaytiradi. Masalan, yurak qon-tomir kasalliklari.

2. Qon bosimining ortishiga qarshi kurashish

Doimiy yuqori qon bosimi surunkali yurak kasalliklari bilan tahdid qiladi. Ular esa butun dunyodagi o‘limning asosiy sababidir.

Tadqiqotchilar S vitamini tomirlarga tinchlantiruvchi ta'sir ko‘rsatib, qon bosimini pasaytirishini aniqlashgan.

Albatta, gipertonik kasalliklarda vitaminlarning o‘zigagina tayanib qolish kerak emas. U uzoq muddatli istiqbolda ijobiy ta'sirini saqlab qolish qolmasligi isbotlanmagan. Biroq u tomirlar tonusini qo‘llab-quvvatlovchi a'lo darajadagi vosita.

3. Yurak kasalliklari paydo bo‘lish xavfini kamaytirish

Xavfli yurak kasalliklari ehtimolini oshiruvchi omillar ko‘p. Masalan, yuqori qon bosimi va xolesterinning yuqori darajasi. S vitamini ana shu omillar bilan kurashishda yordam beradi va ularning paydo bo‘lish ehtimolini kamaytiradi.

O‘tkazilgan bir necha tadqiqotlar tahlili S vitaminini bir necha hafta davomida yuqori dozalarda qabul qilgan kishilarda bunday yo‘l tutmaganlarga qaraganda yurak kasalliklari ehtimoli to‘rtdan bir qismga kamroq bo‘lganini ko‘rsatgan.

4. Podagradan himoya

Podagra – bo‘g‘imlarning og‘riqli yallig‘lanishi va shishlar bilan kechadigan kasallik. Uning belgilari qonda siydik kislotalari oshganida namoyon bo‘ladi.

Bu kislota organizm hayotiy faoliyatining mahsuli sanaladi, biroq u juda ko‘payib ketsa, kristalga aylanadi va bo‘g‘imlarda to‘planadi. Ana shu holat qattiq og‘riq xurujini chaqiradi.

Tadqiqotlar S vitamini qondagi siydik kislotasini kamaytirishi, oqibatda podagra xurujlaridan himoya qilishini ko‘rsatgan.

5. Temir yetishmovchiligining oldini olish

Temir – organizmdagi muhim element bo‘lib, u qizil qon hujayralarini hosil qilish va kislorod butun organizm bo‘ylab yetkazilishi uchun zarur.

S vitamini esa temirning ovqatdan yaxshi o‘zlashtirilishiga hissa qo‘shadi. Kelib chiqishi o‘simlik bo‘lgan mahsulotlardagi mikroelementni S vitamini organizm tomonidan singdirilish uchun yengil shaklga aylantiradi. Bu temirning asosiy manbai bo‘lgan go‘shtni iste'mol qilmaydiganlar uchun muhim.

Umuman olganda, S vitaminini yetarli miqdorda iste'mol qilish anemiyaning paydo bo‘lish ehtimolini kamaytiradi va qondagi temirning yetishmovchiligiga moyilligi bo‘lgan kishilar uchun ayniqsa foydali.

6. Immunitetni ko‘tarish

Immun tizimida S vitamini bir necha muhim rollarni o‘ynaydi.

Organizmni infeksiyalardan himoya qiladigan leykotsitlar yoki oq qon tanachalari ishlab chiqarilishini rag‘batlantiradi.

Leykotsitlarga erkin radikallardan himoya qilib, yanada samarali ishlashda yordam beradi.

Terida antioksidant sifatida faol harakatlanadi va teri qoplamlarining himoya tizimlarini mustahkamlaydi.

Teri yaralarining bitish jarayonini tezlashtiradi.

Bundan tashqari, organizmdagi S vitaminining past darajasi salomatlik holatiga bevosita bog‘liq. Masalan, pnevmoniyaga chalingan bemorlarni o‘rganishda mutaxassislar uning qo‘shimchalari tuzalish vaqtini qisqartirishda yordam berishini aniqlashdi.

Misol uchun, shamollash holatida S vitamini kattalardatuzalishni 8 foizga, bolalarda esa 14 foizga tezlashtirishi mumkin. Biroq shamollashning oldini olmaydi.

7. Xotira yomonlashuvining oldini olish

Normal fikr yuritish, ma'lumotlarni eslab qolish va esga olish kabi qobiliyatlarning yo‘qotilishi amaliy ko‘nikmalarni qo‘llash va hatto kundalik odatiy harakatlarni amalga oshira olmaslikka olib boradi, bu holat demensiya deb ataladi. Asosan yoshi katta odamlarda uchraydi. Undan dunyodagi jami 35 million kishi aziyat chekadi.

Surunkali yallig‘lanishlar keltirib chiqaradigan oksidlanish zo‘riqishi demensiyaning rivojlanish ehtimolini oshiradi. Agar ular bosh va orqa miya, shuningdek asab tizimining boshqa muhim organlariga daxl qilsa ayniqsa xavflidir.

S vitamini oksidlanish zo‘riqishi bilan faol kurashishga qodir. Shuning uchun normal o‘ylash va ma'lumotni eslab qolish qobiliyati ushbu mikroelementning yetishmasligiga bevosita bog‘liq. Uni yetarli miqdorda iste'mol qilish esa himoyaviy ta'sir ko‘rsatadi.

Olimlar sun'iy qo‘shimchalar yoki maxsus vitaminlashtirilgan parhezdan qay biri foydaliroq ekani borasida turlicha fikrdalar. Biroq agar siz S vitaminiga boy ratsionga amal qilsangiz, qo‘shimcha sifatida dori vositalarini qabul qilish shart emas.

Chunki uning organizmda ortiqcha miqdori ko‘z kasalliklari paydo bo‘lishining ehtimolini oshirishi mumkin. Shuning uchun vitaminlarni yuqori dozalarda qabul qilishdan avval doim shifokor bilan maslahatlashish kerak.

Teglar