Saloh haqida 9 fakt. Sobiq himoyachi, qimmatga tushgan o‘pich, bolalikdagi orzu va boshqalar haqida

  • 18:08 / 18.06.2019
  • 678

Kuni kecha o‘zining 27 yoshini qarshilagan Muhammad Saloh uchun klublar 150 million funt berishga tayyor ekani haqida ham xabarlar tarqaldi. Bir necha yil oldin «Chelsi»ning asosiy tarkibiga kira olmagan misrlik futbolchi ma'lum muddat Messi bilan ham solishtirildi va hozirda dunyoning eng yaxshi hujumchilaridan biridir. Chempionat.com saytida Muhammad Saloh bilan bog‘liq qiziqarli faktlar bilan o‘rtoqlashishdi. 

Foto: Getty Images

Futboldan ketishi mumkin edi

Muhammad Aleksandriya va Qohira orasida joylashgan Nagrig qishlog‘ida tug‘ilib, voyaga yetgan. Salohlar oilasi boy emasdi – ota oddiy savdogar, ko‘p pul topmasdi, lekin yashashga yetardi. Muhammad televizorda Ronaldo va Zidanning o‘yinlarini tomosha qilar va keyin, ko‘chada ularning fintlarini takrorlashga harakat qilardi. Albatta, bu ish oson emasdi, chunki bolalarda oddiy to‘p ham bo‘lmas, ko‘pincha, eski paypoqlarni yig‘ib, yopishtirilgan «to‘p»da fintlarni o‘zlashtirish noqulay edi.

Maktab jamoasida esa, ahvol birmuncha yaxshiroq edi. Turnirlardan birida Qohiraning «Erab Kontraktors» klubi skautlari Salohni payqab qolishadi va jamoaga taklif qilishadi. Katta futbol orzusi bilan yashagan bolakay o‘ylab o‘tirmasdan rozi bo‘ladi va 14 yoshida ilk shartnomasini imzolaydi.

Haftada besh kun bo‘ladigan mashg‘ulotlarga to‘rt soatlik yo‘l bilan borish kerak edi. Oqibatda, o‘qishda qiyinchiliklar paydo bo‘ldi: Saloh ko‘p dars o‘tkazib yuborar va baholari pasayib ketgandi.

«To‘qqizda maktabga borardim, lekin ikki soat o‘tib, klubdan men mashg‘ulotga borishim kerakligi haqidagi xatni ko‘rsatib, tark etardim», – deb eslaydi intervyulardan birida futbolchi.

Qaysidir pallada, Mo ko‘p futbol o‘ynay olmadi va bu uning qiziqishini pasaytirib yuborgandi.

«Taxminan ikki oy men zaxirada o‘tirdim va deyarli maydonga tushmadim. O‘shanda men otamga shunchaki, zaxirada o‘tirish uchun to‘rt soat yo‘l bosmayman, dedim. Hatto yig‘lab, futbolni tashlash haqida o‘ylay boshladim. O‘shanda otam menga: «Menga qara, vaqt o‘tib mashhur futbolchiga aylangan hamma, o‘z vaqtida, bolaligida qiyinchiliklarga chidagan. Sen shunchaki, o‘yinga e'tibor qarat, shug‘ullanishda davom et, ishonamanki, bir kun yana maydonga qaytasan», – dedi. Bu suhbat mashinada, navbatdagi mashg‘ulotga ketayotib bo‘lib o‘tgandi. Men otamning o‘gitlariga quloq soldim, ko‘proq mehnat qila boshladim va asosiy tarkibga qaytdim. Undan minnatdorman», – deydi Muhammad Saloh.

Foto: Getty Images

Himoyachi bo‘lib o‘ynagan

«Erab Kontraktors»da murabbiylar 3-5-2 sxemasini qo‘llashardi. Saloh bu sistemada chap markaziy himoyachi pozitsiyasida o‘ynagan. Hammasini Salohning ko‘z yoshlari o‘zgartirib yubordi.

«Biz asosiy raqibimizga qarshi qiyin o‘yin o‘tkazib, 4:0 hisobida g‘alaba qozondik.

Yechinish xonasida hamma bayram qilar, Mo esa, yig‘lab o‘tirardi. U shunday muhim o‘yinda gol ura olmaganidan afsuslanib o‘tirardi. O‘yin davomida hujumga qo‘shilish uchun juda katta masofalarni bosib o‘tgan, lekin uddasidan chiqa olmagandi. O‘shanda men u qanchalik gol urishni istashini bilgandim», – deb eslaydi U16 jamoasida Salohga murabbiylik qilgan Sail Ash Shesheni.

Shundan so‘ng, uni sal oldinroqqa o‘tkazishdi va Mo mavsum davomida 35 gol muallifi bo‘ldi.

Muvaffaqiyatga doim ishongan

JCh-2018 oldidan Spors Illustrated nashriga intervyu berar ekan, Muhammad Saloh shunday degandi:

«Menda doim o‘zimga nisbatan ishonch bo‘lgan, shuning uchun hech narsadan hayratlanmayman. Menga qilayotgan ishim yoqadi. Uzoq yillar shunaqa yaxshi o‘ynashim uchun juda qattiq mehnat qilishim kerakligini ham bilaman. Men o‘z kamchiliklarimni bilaman va ularni bartaraf qilish uchun qo‘limdan kelganini qilmoqdaman – juda ko‘p vaqtimni trenajyor zallarida o‘tkazyapman. Bu mavsumda men o‘tgan yilga nisbatan ikki barobar ko‘p gol urdim. O‘tgan yili esa, «Chelsi»dagi mavsumimga nisbatan bir necha barobar ko‘p urgandim. Yildan yilga o‘sib, kuchayib borayotganimni sezyapman va bu men uchun eng muhimi».

«Bazel»da Saloh ikki yil juda yaxshi to‘p surdi: 10 gol va 11 assist muallifiga aylandi, Shveytsariya chempioni bo‘ldi va «Chelsi»ning e'tiboriga tushdi. O‘shanda Mourino shaxsan Salohga qo‘ng‘iroq qilib, jamoasiga taklif etgan.

«Biz Chempionlar Ligasida «Bazel»ga qarshi o‘ynagandik. Saloh kichik bolakayga o‘xshardi va men bu bolani yaxshi ko‘rib qoldim», – degandi portugaliyalik murabbiy. 

Transfer amalga oshdi va besh yillik shartnoma imzolandi. Ammo Moning Londondagi faoliyati muvaffaqiyatsiz kechdi, u ikki mavsumda atigi 13 o‘yinda maydonga tushib, 2 gol urdi, xolos. 

So‘ngra «Fiorentina»ga ijara, «Roma»dagi ikki yaxshi mavsum va o‘zining aytishicha doim o‘ynashni orzu qilgan «Liverpul»ga transfer ro‘y berdi.

«Men yoshligimda bu klubda qachondir o‘ynashni orzu qilganman. Menda bu imkoniyat paydo bo‘lganida, «Roma»da qolish yoki bolalik orzusini ro‘yobga chiqarish tanlovi borasida ko‘p o‘yladim. APLga qaytishni qaror qildim. PlayStation’da doim «Liverpul»da o‘ynardim, Jyerard, Xyupya, Karragerdan iborat jamoam bo‘lardi. Menga bu jamoa o‘yini juda yoqardi», – deydi qahramonimiz.

Bir o‘pich tufayli muammolarga uchragan

«Bazel»da Salohni Shveytsariya chempionatining eng yaxshi yosh futbolchisi deb topishgan. Tadbirda esa, unga bu sovrinni topshirayotgan qiz futbolchini quchoqlab, o‘pib oladi. Ertasiga esa, Misr nashrlarida Muhammad Saloh dahshatni ko‘radi: deyarli barcha gazetalar bu holat uchun uni muhokama qilishgan, axloqsiz, an'anaviy qadriyatlarni oyoq osti qilganlikda ayblashgandi.

(Yaqinda Chempionlar Ligasi finalidan so‘ng, stadionda Salohdan intervyu olgan qiz futbolchiga qo‘li bilan tegmoqchi bo‘lgani va Saloh uni to‘xtatib, masofani saqlashga harakat qilganini ko‘rgan bo‘lsangiz kerak. Bu lavha ham ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi va albatta, endi Misr gazetachilari qahramonlaridan rozi bo‘lishsa kerak)

Armiyaga olib ketishlari mumkin edi

Muhammad Salohga oliy ta'limni tugatish nasib etmagan: 22 yoshida Misrdagi universitetlardan biriga kirgan Salohni ko‘p vaqt o‘tmay talabalikdan chetlatishdi. Bu masalada diplomdan ko‘ra, harbiy xizmat majburiyati muammo tug‘dirardi. Endi Saloh yo bir yildan uch yilgacha armiyaga borishi lozim bo‘lib qoldi. Shuningdek, mamlakatni ikki kunga bo‘lsayam tark eta olmasdi.

«Saloh bu holatdan qattiq xafa bo‘ldi. U butun dunyoga Misrni tamsil qilyapti, lekin mamlakat unga shunday minnatdorchilik bildiradimi», – dedi Misr terma jamoasi direktori Ahmad Hassan.

Bu muammoni hal qilishga hatto Misr bosh vaziri Ibrohim Mahlo‘b ham bosh qo‘shdi va yakunda Salohni harbiy xizmatdan ozod qilishdi.

Foto: Getty Images

Salah Pizza

«Fiorentina» muxlislari shahardagi pitsseriyalarning birida Salah Pizza’ni o‘ylab topishdi. Saloh sharafiga nomlangan bu mahsulotga motsarella, parmezan, pishloq va oq qo‘ziqorin qo‘shishardi. To‘g‘ri, keyinchalik, Saloh «Roma»ga ketgach, florensiyaliklar bu pitssaga Paulo Souzaning nomini berishdi.

Kazino tufayli qizining ismini o‘zgartirgan

To‘yiga Saloh butun Nagrigni chaqirdi – eshiklar barcha uchun ochiq edi. Taxminan mingga yaqin mehmon bu to‘yda qatnashgan.

Oradan birmuncha vaqt o‘tib, juftlik qizchali bo‘lishdi. Avvaliga qizaloqqa Makka deb nom berishdi. Ammo keyinchalik, Muhammad Salohga bu nom yoqmay qoldi. Kazinolar seti bo‘lmish «Makka Bingo»ga o‘xshash bo‘lgani Salohning fikrini o‘zgartirgan.

Checheniston faxriy fuqarosi bo‘lgan

Misr terma jamoasi jahon chempionati paytida Grozniyda yashagan va Checheniston hukumati turli shaklda o‘z mehmondo‘stligini namoyish etishga harakat qilgandi. Tug‘ilgan kunida Salohga 100 kiloli tort sovg‘a qilishdi, Ramzan Qodirov terma jamoa sharafiga kechki ziyofat tashkil qilib berdi, keyinroq esa, Saloh Chechenistonning faxriy fuqarosi sifatida qabul qilindi.

Qishlog‘iga yordam berib keladi

— Nagrigda Saloh nomidagi maktab va yoshlar markazi bor. Qishloq meri ushbu mashhur futbolchi bilan faxrlanadi. «Saloh qishlog‘imizni dunyo xaritasida paydo qilgani bilan birgalikda, doimiy ravishda moddiy yordam va xayriya bilan shug‘ullanib keldi. Qishloqda millionlab dollar turadigan maktab qurdi, Baziun kasalxonasiga turli jihozlar va tez yordam mashinalari uchun ehson qildi», – deydi u.

— Saloh doimiy ravishda yoshlarga to‘ylarni tashkil qilishlari uchun pul o‘tkazib turadi.

— 2017 yilda u Misrga 210 ming funt berdi – o‘shanda mamlakat pul birligini quvvatlash uchun valutaga ehtiyoj bor edi.

Shuningdek, moddiy tomondan qiynalgan faxriy futbolchilarining oilalari uchun 27 ming ajratgandi.

Teglar