Samarqandda 25 tonna polietilen rulon olib ketayotgan yuk mashinasi yonib ketdi

  • 15:07 / 13.10.2021
  • 94

Kecha, 12-oktyabr kuni soat 23:38 da Samarqand viloyati Bulung‘ur tumani hududidan o‘tgan M-39 yo‘lining 1048-kilometrida harakatlanib ketayotgan “MAN” rusumli tirkamali yuk avtomashinasida yong‘in sodir bo‘ldi.

Tuman favqulodda vaziyatlar bo‘limiga bu haqdagi xabar kelib tushganidan so‘ng 2 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji voqea joyiga soat 00:01 da yetib borib, yong‘in soat 00:05 da qurshab olingan va soat 01:12 da o‘chirilgan.

Ma’lum qilinishicha, voqea joyiga eng yaqin yong‘in o‘chirish qismi taxminan 18 kilometr uzoqlikda joylashgan.

Yong‘in oqibatida yuk avtomashinasining tirkamasiga yuklangan taxminan 25 tonna polietilen rulonlar yonib zararlangan.

Hodisa oqibatida halok bo‘lgan va jabrlanganlar yo‘q.

“Hozirda yong‘in sababi va yetkazilgan moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda”, – deb xabar bermoqda Samarqand viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi.