Samarqandda “Hot-Dog”dan 26 kishi zaharlandi

  • 13:13 / 09.10.2019
  • 120

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Joriy yil 7-oktabr kuni soat 14:10 dan 8-oktabr soat 24:00 ga qadar Samarqand viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga 26 nafar fuqaro ko‘ngil aynishi, qayt qilish, bosh og‘rishi, umumiy holsizlanish, ich ketishi, oshqozon sohasida og‘riq, tana haroratining ko‘tarilishi kabi shikoyatlar bilan murojaat qilishgan, deb yozadi Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Ular zudlik bilan “Ovqat toksikoinfeksiyasi” birlamchi tashxisi qo‘yilib shifoxonaga yotqizilgan va malakali shifokorlar tomonidan tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda. Mazkur holat bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan o‘tkazilgan birlamchi epidemiologik surishtiruv natijasida quyidagilar aniqlandi:


Shifoxonaga murojaat qilgan fuqarolar joriy yilning 6-oktabr kuni soat 13:00 va 17:30 oralig‘ida Samarqand shahridagi Siyob dehqon bozori hududida joylashgan “Baxtiyor” MChJga qarashli xot-dog tayyorlash shoxobchasidan xot-dog va shaurma mahsulotlarini iste’mol qilishgan. Mazkur shoxobcha o‘rganilganda, shoxobcha o‘z faoliyatini to‘xtatganligi va xot-dog mahsulotlari mavjud emasligi aniqlandi.


– Mutaxassislarimiz tomonidan mazkur xot-dog shoxobchasi atrofidagi xonadonlarda xot-dog va shaurma mahsulotlarini harid qilib, iste’mol qilgan fuqarolarni aniqlash, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish maqsadida tibbiyot xodimlarini jalb etgan holda, uyma-uy ko‘riklar tashkil etildi, – deydi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori Bahrom Almatov. – “Baxtiyor” MChJda bir kunlik muddatda tekshirish o‘tkazish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakiliga tegishli hujjatlar to‘planib, buyurtma tayyorlandi.

Bemorlarning ahvoli, yakuniy tashxis hamda o‘tkazilgan profilaktik va epidemiyaga qarshi tadbirlar to‘g‘risida qo‘shimcha axborot taqdim etiladi.