Samarqandda tazyiqlar oqibatida ayol va uning 16 yoshli qizi o‘zini osib qo‘ydi

  • 12:31 / 22.09.2021
  • 214

Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudida ayol va uning qizining o‘limi bilan bog‘liq jinoyat ishi ko‘rildi.

Sud tergovida ma’lum bo‘lishicha, mayol ketma-ket qiz farzand ko‘rgani tufayli qaynona uni arzimas sabablar bilan yillar davomida tahqirlab kelgan. Bundan mutasaddilar va maktab jamoasi ham xabardor bo‘lgan. 2020-yil noyabr oyida oilada yana janjal yuz bergan. Er ayolini yaqin qarindoshlariga tegishli do‘kondan qaynonasi nomiga qarz olishda ayblab, tanasining turli joylariga elektr kabeli, qo‘l va oyoqlari bilan jarohat yetkazgan.

Shuningdek, dekabr oyida qaynona ayolni urib, yuziga qaynoq suv sepib yuborgan. Oilaning to‘ng‘ich qizi onasiga qilingan tazyiqlarga chidolmay, yashash uyi og‘ilxonasida arqon bilan o‘zini osgan. Oradan 2 soat o‘tib, zo‘ravonlikdan to‘ygan ayol ham qizi yonida o‘z joniga qasd qilgan.

Prokuratura holat bo‘yicha ichki ishlar organi qonuniy baho berishini aytgan. Chunki ayolga himoya orderi berilgan bo‘lsa-da, kuzatuvga olinmagan. Maktab direktori, mahalla raisi, ichki ishlar organi xodimlariga tegishli chora ko‘rilishi ma’lum qilingan.

Sud majlisida er Jinoyat kodeksining 103-moddasi (O‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish) 2-qismi “a,b” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, 7 yilga qamaldi. 

Qaynonaga esa 4 yil ozodlikdan cheklash jazosi tayinlandi.