Samarqandda turizmni rivojlantirish uchun 30 mln. dollar ajratiladi

  • 21:58 / 23.09.2021
  • 91

Prezidentning “Samarqand viloyatida keng ko‘lamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlarini yanada jadallashtirish hamda turizm salohiyatini oshirish maqsadida amalga oshiriladigan tadbirlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Ushbu qonunga ko‘ra, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi Samarqand viloyatini obodonlashtirish va farovonligini oshirish jamg‘armasiga 30 million AQSH dollari miqdoridagi kreditni ajratadi. U 5 yil muddatga, 2 yillik imtiyozli davrni hisobga olgan holda, yillik 3 foiz stavka bo‘yicha ajratiladi.

Shuningdek, Samarqand viloyati hokimligi kreditdan maqsadli va samarali foydalanish uchun mas’ul bo‘lgan ijro etuvchi organ hisoblanadi. Kreditni qoplash va xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq xarajatlar Samarqand viloyatining mahalliy byudjeti qo‘shimcha manbalari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi.

Samarqand viloyati hokimiga bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda Jamg‘arma tomonidan moliyalashtiriladigan loyihalarning manzilli ro‘yxatlarini tasdiqlash topshirildi.

Belgilanishicha, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan Samarqand viloyati hokimligiga ajratilgan kreditning 2021-yilda so‘ndiriladigan asosiy qismi Prezidentning 2018-yil 16-martdagi qaroriga muvofiq 2022-yilga o‘tkaziladi.

Mazkur Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 2021 yil 22 sentyabrdan kuchga kirgan.