Samarqandda YPX xodimlari bilan mojaroda vafot etgan soliqchi ishi bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berildi

  • 14:05 / 16.09.2021
  • 206

Shu yilning 10-iyun kuni Samarqand viloyati, Kattaqo‘rg‘on tuman Davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Aziz Ahmedov Yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari sababli vafot etgani xabar qilingan edi.

Bosh prokuratura matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Kattaqo‘rg‘on tumani IIB YHXB xodimlarining faoliyati jarayonida tuman Davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i 1-o‘rinbosarining o‘limi yuz berganligi holati yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari yakunlandi.

Jinoyat ishi doirasida 2 nafar shaxsga ayb e’lon qilinib, “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Shuningdek, 14-sentyabr kuni jinoyat ishi mazmunan ko‘rib chiqishlik uchun sudga yuborilgan.

Ma’lumot uchun marhum soliqchi joriy yilning 10 iyunida tungi soat 00:50larda Kattaqo‘rg‘on tumani hududida o‘z boshqaruvidagi Cobalt avtomobili bilan yo‘l harakati qoidalarini buzgan. YPX xodimlari uni qochishga uringanida tutib olgan va o‘rtada mojaro kelib chiqqan.  

Shu vaqt oralig‘ida mastlikda gumon qilingan soliqchi tibbiy ko‘rikka olib borish uchun transport vositasiga o‘tkazilgada sog‘lig‘i yomonlashib, voqea joyiga tez tibbiy yordam xizmati chaqirtirilgan. Ko‘rsatilgan muolajalarga qaramay fuqaro vafot etgan.