Samarqandga festival davomida 3 mingdan ortiq chet ellik va 55 mingga yaqin mahalliy sayyoh tashrif buyurdi

  • 15:54 / 09.10.2019
  • 37

Foto: O‘zbekiston Respublikasi turizimni rivojlantirish davlat qo'mitasi

Sentabr oyining so‘nggida Samarqandda Xalqaro turizm kuniga bag‘ishlangan II “Silk Road Bazar” festivali bo‘lib o‘tdi. Bu haqida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi xabar bermoqda.

Tadbir Samarqand viloyati va shahar hokimligi, Madaniyat vazirligi bo‘limi, Turizmni rivojlantirish departamenti, Hunarmandlar uyushmasi, Xalq ta’limi boshqarmasi, Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan tashkil etildi. 

Bu yilgi festivalda mamlakatimizning turli hududlaridan 80 dan ortiq hunarmand ishtirok etdi. Festivalga tashrif buyuradigan mehmon va ishtirokchilarga yanada qulayliklar yaratish maqsadida bu yilgi festival bo‘ladigan hududga 20 dan ortiq ovqatlanish markazlari vakillari jalb qilindi.  

Festivalning badiiy qismiga to‘xtaladigan bo’lsak, bu yil 60 dan ortiq san’atkorlar va filarmoniya jamoalari, shuningdek, o‘nlab bolalar guruhlari o‘zlarining ajoyib konsert dasturlari bilan qatnashishdi. Samarqand shahrida ikkinchi bor tashkil etilgan “Silk Road Bazar” festivali uchun bitta asosiy va ikkita qo‘shimcha sahna bezatildi, festivalga yanda ko‘tarinki ruh bag‘ishlash uchun musiqiy shoular ham namoyish etildi.

Shu bilan birga, ushbu tadbirning jozibadorligini yanda oshirish maqsadida festival bo‘lib o‘tayotgan pavilonlar ikkita katta LED ekran orqali real vaqtda sodir bo‘lgan voqealarni translyatsiya qildi. Shuningdek, Xalqaro Turizm kunini Samarqand shahrida munosib nishonlash maqsadida xohlovchilar uchun havo shari (aerostat)da uchish imkoniyati yaratildi. Konsertdan keyin Registon maydonida shahar aholisi va mehmonlari uchun 3D lazer shou ham namoyish etildi.

Statistik ma’lumotlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, ikki kun davomida festivalga 3 mingdan ortiq chet ellik sayyoh, boshqa hududlardan Samarqand shahriga 55 mingga yaqin mehmon va mahalliy aholi tashrif buyurdi. Taʼkidlash joizki, festival davomida 700 million so‘mdan ortiq hunarmandchilik va oziq-ovqat mahsulotlari sotildi.