Samarqandlik ota ikki nafar farzandi uchun bir martada 175 mln. so‘m aliment to‘lab berdi 

  • 16:24 / 10.09.2021
  • 151

Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida yashovchi A.E. ikki nafar farzandiga voyaga yetgunigacha bo‘lgan muddatni hisoblab birdaniga 175 million so‘m alimentni to‘lab berdi.

Bosh prokuratura huzuridagi MIB Matbuot xizmatining Xabardor.uz’ga ma’lum qilishicha, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Karmana tumanlararo sudining 2020-yil 12-avgustdagi qaroriga asosan, qarzdor A.E. dan undiruvchi R.U. ning foydasiga ikki nafar farzandining ta’minoti uchun uchdan bir qism miqdorda aliment undirish belgilangan. Ijro hujjati esa, sud qaroriga asosan, Byuroning Kattaqo‘rg‘on tuman bo‘limiga kelib tushgan.

Mazkur ijro hujjatiga asosan qarzdorning mol-mulklarini aniqlash maqsadida “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonunning 21,87-moddalariga asosan tegishli tashlikotlarga so‘rovnomalar yuborilgan va olingan ma’lumotlarga asosan fuqaroning barcha mol-mulklariga taqiq qo‘yilgan.  

MIB hamda tegishli tashkilotlar vakillari bilan birgalikda qarzdor A.E. bilan profilaktik suhbat o‘tkazilib, unga farzandlarini moddiy qo‘llab quvvatlash har bir otaning burchi ekanligi tushuntirildi.

O‘ziga to‘g‘ri xulosa chiqargan qarzdor ota shu kuni farzandlarining ta’minotini o‘ylab, ular voyaga yetgunicha hisoblab, 175 mln. 75 ming so‘m aliment pullarini to‘lab berdi.