“Samsung” oʻz brendiga tegishli boʻlgan istalgan televizorni bloklash imkoniyati haqida maʼlum qildi

  • 16:46 / 26.08.2021
  • 279

“Samsung” kompaniyasi oʻz brendiga tegishli va dunyoning istalgan burchagida boʻlgan televizorni masofadan turib bloklash imkoniyati haqida maʼlum qildi.

Kompaniya vakillarining aytishlaricha, apparatni masofadan turib bloklash uchun “TV Block” texnologiyasi javob beradi. “TV Block  televizorning kerakli holatda faollashtirilgani yoki yoʻqligini aniqlaydigan, xavfsizlikni taʼminlovchi yechimdir”, deyiladi kompaniya xabarida.

Dunyoning istalgan burchagida ishlash imkoniyatiga ega boʻlgan texnologiya quyidagicha: televizor har safar internetga ulanganida qurilma “Samsung” serverlariga bogʻlanadi. Maxsus algoritm qurilmaning noyob raqamlarini oʻgʻirlangan yoki noqonuniy ravishda sotilgan mahsulotlar indentifikatorlari bilan solishtiradi. Raqamlar mos kelgan holatda televizorning barcha funksiyalari avtomatik tarzda bloklanadi.

“TV Block” dasturiy taʼminotini Koreya brendiga tegishli boʻlgan barcha televizorlarga oʻrnatish rejalashtirilgan. Apparatni dilerlardan qonuniy ravishda sotib olgan xaridorlar “Samsung” bilan bogʻlanib, maʼlum modelni xarid qilganlarini qayd etishadi.

Muhandislar mazkur funksiya televizorlarni oʻgʻirlash holatlarini kamaytirishiga umid qilmoqdalar. Ularning aytishlaricha, yangi funksiya qurilmadan uning qonuniy egasigina foydalana olishini taʼminlaydi.