“Sardoba” jabrdiydalarini qo‘llab-quvvatlash va infratuzilmani tiklashni moliyalashtirishga oid Prezident qarori imzolandi

  • 12:18 / 22.05.2020
  • 111

Kecha, 21-may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Sardoba suv ombori” to‘g‘onida yuzaga kelgan favqulodda hodisa oqibatida jabrlangan fuqarolarni manzilli qo‘llab-quvvatlash va infratuzilmani tiklash chora-tadbirlarini moliyalashtirish to‘g‘risida”gi qarori imzolandi.

Unga ko‘ra, Sirdaryo viloyatida joylashgan “Sardoba suv ombori” to‘g‘onida yuzaga kelgan favqulotda hodisa oqibatlarini bartaraf etishni zarur mablag‘lar bilan ta’minlash maqsadida:

Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining “Sardoba suv ombori” to‘g‘onida yuzaga kelgan favqulodda hodisa oqibatida zarar ko‘rgan fuqarolarni uy-joy bilan ta’minlash va infratuzilmani tiklash uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan qaytarib bermaslik asosida davlat budjetiga 100 mln. dollar ekvivalentdagi mablag‘lar ajratish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullandi.

Qarorda belgilanishicha, ushbu mablag‘lar quyidagi maqsadlarga yo‘naltiriladi:

– Suv xo‘jaligi vazirligiga talafot ko‘rgan hududlarda suv toshqini oqibatida izdan chiqqan irrigatsiya va melioratsiya obyektlarini tiklash shu jumladan kollektorlar, drenaj va drenaj quduqlarini, meliorativ nasos stansiyalarini ta’mirlash va tozalash ishlari uchun;
– Transport vazirligi huzuridagi avtomobil yo‘llari qo‘mitasiga talafot ko‘rgan hududlarda yo‘l-transport infratuzilmasini qurish, rekonstruksiya va ta’mirlash ishlari uchun;
– Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi talafot ko‘rgan hududlarda toza ichimlik suvi va kanalizatsiya tizimlarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari uchun;
– Sirdaryo viloyati mahalliy byudjetiga Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida uy-joyi buzilgan yoki yashab bo‘lmaydigan ahvolga kelgan oilalarga 2020–2021-yillar davomida ko‘p qavatli uy-joylarni qurish hamda qurib bitkazilgan va sotilmagan ko‘p qavatli uy-joylardagi xonadonlarni egalikka berish uchun;
– Xalq ta’limi, Maktabgacha ta’lim hamda Sog‘liqni saqlash vazirliklariga Sirdaryo viloyatining Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida ijtimoiy soha obyektlarini (maktabgacha ta’lim tashkilotlari, umumta’lim maktablari, tibbiyot muassasalari va boshqalar) qurish va rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash uchun.