"Sardoba" toshqini yuz bergan hududlarda bajarilgan ishlar haqida ma’lumot berildi 

  • 15:56 / 22.05.2020
  • 118

Bugun, 22-may kuni AOKA shtabida Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot kotibi Murod Sodiqov "Sardoba"dagi suv toshqini natijasida talofat yetgan hududlarda olib borilayotgan ta’mirlash-tiklash ishlari haqida ma’lumot berdi.

Matbuot kotibining so‘zlariga ko‘ra, toshqindan zarar ko‘rgan hududlardagi 5 426 gektar yer maydoniga chigit ekilgan. Suv toshqini yuzaga kelgan maydonlarning 15 452 gektar, jumladan, 8 941 gektar paxta, 6 511gektar g‘alla ekin maydonlaridan toshqin suvlari chiqarilgan. Zararlangan 95 gektar g‘alla maydonlarining meliorativ holatini qayta tiklash, 3 558 gektariga mosh ekish bo‘yicha hisob-kitob ishlari amalga oshirilmoqda.  

Hozirgi kunga qadar jami 5 549 nafar pensionerning 3,9 mlrd. so‘mlik pensiya pullari Xalq banki filiallari tomonidan naqd pul shaklida yetkazib berilgan. Shuningdek, 294 ta yo‘qolgan plastik kartalar qayta tiklanib, o‘z egalariga taqdim etildi, deyiladi xabarda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, tezkor tadbirlar davomida topilgan 5 160 ta uy hayvoni o‘z egalariga qaytarilgan. Jamoatchilik asosida haq to‘lanadigan ishlarga jami 2 214 nafar ishsiz aholi jalb etilib, shundan 1 864 nafari qurilish hududlarini obodonlashtirish, 304 nafari esa chiqindilarni saralash va 46 nafari boshqa qurilish ishlariga safarbar qilingan.

Bugungi kunda mol-mulklariga zarar yetgan 41 ta tadbirkorlik subyektining to‘liq ro‘yxati shakllantirilgan. 14 ta tadbirkorlik obyektiga tegishli noturarjoy binolari 4 083,7 mln. so‘mga sug‘urta qilingan. Hozirga qadar 2 ta tadbirkorlik obyektiga mol-mulki bo‘yicha 866,4 mln. so‘m miqdorda to‘lov amalga oshirilgan.

Har bir tumanning 3 tadan, jami 9 ta mahallasida 558 ta pudratchi tomonidan aholi xonadonlarini ta’mirlash ishlari davom ettirilmoqda. Ta’mirlash ishlariga 14 289 nafar ishchi, 820 ta texnika jalb qilingan.