Savdo urushi yangi bosqichga chiqmoqda. AQSh Xitoyga tegishli kompaniyalarning qora ro‘yxatini e’lon qildi

  • 14:51 / 24.05.2020
  • 446

AQSh va Xitoy o‘rtasidagi savdo urushi yangi bosqichga chiqmoqda. Endi AQSh Savdo vazirligi uyg‘urlarni jinoiy javobgarlikka tortish va ommaviy qirg‘in qurollari ustida ish olib borishda ayblab, bir qator Xitoy tashkilotlarini qora ro‘yxatga oldi.

AQSh Savdo vazirligi Xitoyning 33ta kompaniyasi va hukumat tashkilotlarining qora ro‘yxatini e’lon qildi. Tegishli sanksiyalar ro‘yxati 22-may, juma kuni vazirlik veb-saytida paydo bo‘lgan.

Uyg‘ur va boshqa musulmon ozchiliklarga qarshi "qatag‘on va ommaviy noqonuniy hibsga olish kampaniyasida" qatnashgan sakkizta kompaniya va XXR Ijtimoiy xavfsizlik vazirligining sud-tibbiyot instituti shular jumlasidan. Amerika Qo‘shma Shtatlari boshqa kompaniya va tashkilotlarni mamlakatning milliy xavfsizligiga va ommaviy qirg‘in qurollarini yaratishga tahdid soluvchi faoliyatda gumon qilmoqda.

Qora ro‘yxatga olingan barcha kompaniyalarga AQShdan tovarlar va texnologiyalarni eksport qilish taqiqlangan.

AQSh-Xitoy tarangligi Donald Trampning Xitoy hukumatini pandemiyani yashirganlikda ayblaganidan so‘ng yanada kuchaygan. May oyida AQSh Senatida koronavirus pandemiyasining sabablarini aniqlashda hamkorlik qilishdan bosh tortgani uchun Pekinga qarshi sanksiyalarni qo‘llashga ruxsat berishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini qabul qilgandi.

Bu yerda gap Xitoy, Gonkong va Kayman orollarida joylashgan korxonalar haqida boryapti. Mazkur tuzilmalar “Beijing Cloudmind Technology Co”, Pekin elektron hisoblash fanlari markazi, “Beijing Jincheng Huanyu Electronics” singari yuqori texnologiyalar va tadqiqot markazlaridir.

Butunxitoy xalqlari Kongressi vakili Chjan Yesui, juma kuni Xitoy parlamentining yillik sessiyasining ochilishida, agar AQSh Kongressi shu sabablar bahonasida Xitoyga qarshi sanksiyalarni qo‘llasa, Qo‘shma Shtatlarga "qasos" olish bilan tahdid qildi.