Selfi qanday sirlarimizni ochib beradi?

  • 14:07 / 25.03.2020
  • 730

Selfi yoshlar kundalik hayotining bir qismiga aylanib qolgani hech birimizga sir emas. Psixologlarning ta’kidlashicha, ularning qabuliga keladigan 3 insondan ikkitasida selfi tushishga mukkasidan ketishlik uchrar ekan. Xo‘sh, nega odamlar selfi qilishni yaxshi ko‘rishadi? U insonning qanday sirlarini ochib beradi va ko‘p selfi olishlik nimalarga olib keladi? Quyida shu haqida gap boradi.

1. Shaxsiy “Men”ni yashirish
Insonda o‘z ichki dunyosini atrofdagilar bilan bo‘lishish istagi har doim ham haqiqiy bo‘lavermaydi. Biz selfi orqali o‘z “men”imizni emas, atrofdagilar bizni qanday tasavvur qilishlarini xohlaydigan tomonimizni ko‘rsatamiz.

2. Selfi mavjudligimizni eslatib turuvchi vosita
Har kuni shaxsiy suratlarimizni ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirib borishimiz: “Men shu yerdaman, men mavjudman”, degan signalni beradi. Biz bizni sezishlariga, harakatlarimizga e’tibor qaratishlariga muhtoj ekanligimizni bildiradi. Bunday vaziyatni ona va bola holatida o‘xshatish mumkin. Agar ona bolaga e’tibor qaratmasa, u e’tiborni jalb qilish uchun yig‘lay boshlaydi. E’tibor qanchalik kerak bo‘lsa, bola shuncha ko‘p qichqiradi va yig‘laydi. Xuddi shunday odamga ham mehr va e’tibor qanchalik yetishmayotgan bo‘lsa, post va selfilar soni shuncha ko‘p bo‘ladi.

3. O‘ziga bo‘lgan ishonchning kamligi
Psixologlarning ta’kidlashicha ijtimoiy tarmoqlarda o‘z suratlarini joylashtirib boradiganlar, ijtimoiy tarmoqdagi do‘stlaridan ijobiy reaksiyalar kutishadi. Shu orqali esa o‘zlariga bo‘lgan ishonchni orttiradilar. Bunday holatda do‘stlari tomonidan qilingan maqtovlar, hatto o‘zida yo‘q sifatlarni bor deb o‘ylashiga sabab bo‘ladi.

Selfi qurbonlari
Statistik ma’lumotlarga qaraganda, yiliga minglab odamlar selfi qurboniga aylanar ekan. Buning sababi esa hech kimnikiga o‘xshamagan original suratlar olishga bo‘lgan ishtiyoq va selfi tushish paytida ehtiyot choralarini ko‘rmaslik. Mana shu kabi halokatga bir qancha namunalar:

• 2014-yil may oyida Kolorado shtatida samolyot halokatga uchradi. Buning sababi, samolyot yuqoriga ko‘tarilganidan bir necha daqiqa o’tib, 29 yoshli uchuvchi selfi qilmoqchi bo‘lgan. Samolyot boshqaruvni yo‘qotib qo‘yadi va yerga qulaydi. Natijada uchuvchi va yo‘lovchilar vafot etishadi.

• Bir qancha mamlakatlarda ayollar va bolalar qurol bilan selfi qilmoqchi bo‘lib, kamera tugmasini bosish o‘rniga qurol tepkisini bosib yuborish orqali ham jismoniy, ham ruhiy og‘ir tan jarohati olgan, ba’zilari esa halokat joyida vafot etgan.

• Bir qancha mamlakatlarda yirtqich hayvonlar bilan selfi qilmoqchi bo‘lgan insonlar yirtqich hayvonlar o‘ljasiga aylanar ekan. Yirtqichlar qurbonigami yoki selfi? O‘zingiz xulosa qiling.

• Poyezd yo‘llari, ko‘priklar, osmono‘par binolarlarda selfi qilishni xohlagan insonlar ham, suratga tushishga berilib ketib, halok bo‘lishmoqda. 

Selfi o‘z-o‘zingizni asrash instinkti ustidan g‘olib kelmasligini va o‘z salomatligingiz uchun ham me’yorni saqlashni so‘raymiz. Unutmang, baxtli kunlaringizdan xotira sifatida suratga tushishning hech qanday yomon tarafi yo‘q, ammo har joyda, har qachon selfi qilaverish ruhiy kasallik alomatlaridan biri bo‘lishi mumkin.

Guljahon Sanjarbekova tayyorladi