«Sen endi «Real»dasan». Yovich Madridga tanishtirildi

  • 21:40 / 12.06.2019
  • 129

«Santyago Bernabeu» stadionida «Real»ning yangi hujumchisi Luka Yovichning tanishtiruv marosimi bo‘lib o‘tdi.

Futbolchi tibbiy ko‘rikdan o‘tganidan so‘ng, tomonlar o‘rtasida 6 yillik bitim imzolandi.

Tanishtiruv marosimidan keyin 21 yoshli hujumchi stadionga chiqib, minglab muxlislar bilan bilan salomlashdi, ularning qarshisida to‘p bilan ishlash mahoratini ko‘rsatdi va fotosessiyada qatnashdi.

Yovich «Real» ramzini o‘pdi.

«Men dunyodagi eng baxtli yigitman, chunki ulug‘vor klub bilan shartnoma tuzdim.

«Real»ga sovrinlar yutishda yordamlashish uchun qo‘limdan kelgan barcha ishni qilaman. To‘g‘ri tanlov qilganimga ishonchim komil», – dedi Yovich. 

Marosimda madridliklar klubi prezidenti Florentino Peres ham ishtirok etdi.

«Yangi loyiha yangi mavsumdan start oladi. Biz bilamizki, yaxshi ishlashimiz kerak, chunki so‘nggi natijalar kutilganidek bo‘lmadi. Biz bunga kerakli reaksiya berishimiz kerak, bor kuchimiz va talantimiz bilan.

Klubimiz hech qachon taslim bo‘lmaydi, biz buni amalda ko‘rsatamiz. Chempionlar ligasining so‘nggi besh mavsumidan to‘rttasida g‘olib bo‘lish – hayratomuz natija, bu katta jasorat, buni vaqt o‘tib barcha anglaydi. Endi biz g‘alabali yo‘lga qaytishimiz kerak.

Yevropa top-klublari Yovich bilan shartnoma imzolash uchun kurash olib borishdi, ammo bugun u «Real» futbolchisi. U shu klubda o‘ynashni orzu qilardi.

Luka, endi sen «Real» futbolchisisan, bu Yevropaning 13 karra chempioni. Sen bu klubni tanlaganing uchun rahmat. Sen bu afsonaning bir qismiga aylanishni istading, bunga erishding.

Sen ajoyib mavsum o‘tkazding, 27 gol urding, ammo bizning fanatlar sendan ko‘proq narsa talab qilishadi. Seni faoliyatingdagi eng katta chorlov kutmoqda. Biz sen bilan faxrlanamiz, chunki sen bolaligingda «Real» futbolkasi bilan uxlashingni aytganding. Sen bu futbolkada dunyoning eng kuchli hujumchilaridan biriga aylanasan», – deya Peresning so‘zlarini keltirmoqda madridliklar klubi matbuot xizmati.

Hozircha Yovichning Madriddagi maoshi miqdori ma'lum emas.

Yovich yangi klubida qaysi raqamda o‘ynashi ham hozircha noma'lum. «Qaymoqranglilar»da hozircha faqat 16-raqam bo‘sh turibdi. U sobiq klubi «Ayntraxt»da 8-raqam ostida o‘ynab kelgan, Serbiya milliy jamoasida esa 19-raqamda o‘ynaydi.

OAV ma'lumotiga ko‘ra, «Real» uning transferi uchun «Ayntraxt»ga 65-70 million yevro to‘laydi.

2018/19 mavsumida hujumchi Frankfurt klubining barcha musobaqalar doirasidagi 48ta o‘yinida maydonga tushib, 27+7 samaradorlik ko‘rsatkichiga erishgan.

Teglar