Shavkat Mirziyoyev: «Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qiladigan vaqt keldi»

  • 11:36 / 24.10.2016
  • 4985

19 oktabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining VIII s'yezdida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga Respublika Prezidenti vazifasini bajaruvchi, O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev nomzodini ko‘rsatish haqida qaror qabul qilindi. S'yezdda Shavkat Mirziyoyev o‘z saylovoldi dasturining asosiy yo‘nalishlari haqida ma'ruza qildi.

Davlat boshqaruv tizimi faoliyati samaradorligini oshirish masalasi O‘zLiDePdan nomzodning saylovoldi dasturida asosiy yo‘nalishdan biri hisoblanadi.

Nomzod o‘z ma'ruzasida davlat boshqaruv tizimi faoliyatiga tanqidiy baho bergan.

«Xolisona aytganda, bugun aksariyat davlat idoralarining ish uslubi davr talabiga to‘liq javob bermaydi. Ayrim vazirlik va idoralar aholi muammolarini hal etishda rasmiyatchilikka yo‘l qo‘ymoqda, ular ko‘pincha quruq raqam va ma'lumotlar to‘plash bilan ovora. Vazirlik va idoralarda ular mas'ul bo‘lgan sohalardagi ahvolni chuqur tahlil qilib, kamchiliklarni tizimli ravishda aniqlash hamda bartaraf etishga qaratilgan faoliyat yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmagan», — dedi bosh vazir va Prezident vazifasini bajaruvchi.

U hududlarni har tomonlama rivojlantirish, ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarni amalga oshirish, qonunlar ijrosini ta'minlash, joylardagi davlat boshqaruvi organlari faoliyatini muvofiqlashtirish borasida mahalliy hokimliklarning vazifa va vakolatlarini ham takomillashtirish lozimligini ta'kidlab o‘tdi.

«Shu o‘rinda hokimlik idoralarining moddiy-texnik bazasini tubdan mustahkamlash, ularning xodimlari mehnatiga haq to‘lash tizimini mutlaqo qayta ko‘rib chiqish zarurligini qayd etmoqchiman», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

U joriy yilda bosh vazirning 2 ta o‘rinbosari, 22 ta vazir va idoralar rahbarlari, Toshkent viloyati, Jizzax, Qarshi va Termiz shaharlari hamda 21 ta tuman hokimlari lavozimlaridan ozod etilganini eslatib o‘tdi.

«Muammolarning asosiy sababi — kadrlarni tanlash, tarbiyalash va joy-joyiga qo‘yish jarayonlari bilan bevosita bog‘liq. Yangicha va mustaqil fikrlaydigan, mas'uliyatli, tashabbuskor, ilg‘or boshqaruv usullarini puxta o‘zlashtirgan, vatanparvar, halol kadrlarni tanlash va tayyorlash bo‘yicha samarali tizim yaratilmas ekan, davlat boshqaruvida sifat o‘zgarishi yuz bermaydi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

«Xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qiladigan vaqt keldi. Afsuski, hayotda buning aksini ko‘rsatadigan ba'zi bir raqamlarga sizning e'tiboringizni qaratmoqchiman. Shu yilning o‘zida Vazirlar Mahkamasiga, vazirlik va idoralarga, barcha darajadagi hokimliklarga tushgan murojaatlarning umumiy soni 338 mingtani tashkil etdi. Ulardan 200 mingdan ortig‘i yoki 60 foizi tuman va shaharlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Bu raqamlar joylarda odamlarning dardu tashvishlari bilan hech bir mutasaddi rahbar astoydil shug‘ullanmayotganini ko‘rsatadi», — ma'lum qildi Prezidentlikka nomzod.

Ishga joylashtirish, yer uchastkalari ajratish, ish haqi va pensiyalarni o‘z vaqtida to‘lash masalalari bo‘yicha murojaatlar soni ko‘paygan. Ayniqsa, sog‘liqni saqlash va ta'lim sohalariga doir murojaatlarning oshgani, ishimizdagi kamchiliklardan dalolat beradi. Shular qatorida aholining huquqni muhofaza qilish organlariga nisbatan bo‘lgan e'tirozlari ham talaygina.

«Rahbarlarning mas'uliyatsizligi, ba'zan odamlarning ehtiyojlari va haqli talablariga befarqligi, ularning murojaatlariga panja orasidan qarashlari tufayli Qashqadaryo, Toshkent, Samarqand, Surxondaryo viloyatlari va Toshkent shahridan kelayotgan shikoyatlarning oqimi doimiy ravishda ortib bormoqda», — dedi u.

Bundan tashqari, Bosh vazirning yaqinda Internet tarmog‘ida tashkil etilgan virtual, ya'ni, elektron qabulxonasiga o‘tgan 3 hafta ichida 50 mingdan ortiq murojaat kelib tushdi, dedi u.

«Bunday mas'uliyatsiz va sovuqqon munosabatga qat'iyan chek qo‘yishimiz shart. Fuqarolarning har qanday muammolarini hal etish davlatning xalqqa nisbatan asosiy majburiyatlaridan biri ekanini unutishga hech kimning haqqi yo‘q», — ta'kidladi bosh vazir.

«Rahbarlar muntazam ravishda xalq orasida bo‘lib, shaxsiy qabullar tashkil etishlari, joylardagi muammolarni hal qilishlari zarur. Bundan keyin joylardagi rahbarlar faoliyatiga birinchi navbatda ular bosh­qarayotgan hududdagi aholidan tushayotgan murojaatlar soni, ularning xalq ichida yurishi, mavjud muammolarning amaliy yechimiga qarab baho beriladi. Qisqa qilib aytganda, rahbarlarga xalqning o‘zi baho beradi», — dedi u.

Ayni paytda, Shavkat Mirziyoyev ko‘plab davlat xizmatchilarining zimmasiga katta mas'uliyat yuklanganiga qaramasdan, ularning ish kuni va ish haftasi aniq me'yorga solinmagani hech kimga sir emasligini ta'kidlab o‘tdi.

«Jahon tajribasi shuni ko‘rsatadiki, davlat xizmatchilariga yuksak talablar qo‘yishdan oldin ularning huquqlarini kafolatlash va himoya tizimi bilan mustahkamlash darkor. Masalaning o‘ta dolzarbligini e'tiborga olib, davlat xizmati bo‘yicha qonun qabul qilish vaqti keldi, deb hisoblaymiz», — degan Shavkat Mirziyoyev.

Teglar