Shavkat Mirziyoyev ichimlik suvining sifati va narxlarini alohida nazoratga olish zarurligini ta'kidladi

  • 03:01 / 15.08.2019
  • 323

Foto: Prezident matbuot-xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida 14-avgust kuni mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha 2019-yilning birinchi yarmida amalga oshirilgan ishlarni muhokama qilish hamda 9 oy va yil yakuni bo‘yicha belgilangan prognoz parametrlariga erishishni ta'minlaydigan ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazildi.

Avtomobilsozlik, qishloq xo‘jaligi mashinasozligi, elektrotexnika sanoatini yanada rivojlantirish, butlovchi qismlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirib, mahsulotlar tannarxini pasaytirish, ishlab chiqarish va eksport hajmini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha vazifalar belgilib berildi. 

Shundan so‘ng hududlarni kompleks rivojlantirish va kommunikasiyalar infratuzilmasini yaxshilash masalalari ko‘rib chiqildi.  

Hisobot davrida uy-joylar, yo‘l-logistika va ijtimoiy infratuzilma obyektlari qurish bo‘yicha ko‘plab ishlar amalga oshirildi. Xususan, “Obod qishloq” dasturi doirasida 159 tumandagi 478 ta qishloq yangicha qiyofa kasb etdi, ularga ichimlik suvi, gaz va elektr tarmoqlari tortildi. Shuningdek, 3,6 ming kilometr avtomobil yo‘llarida qurilish-ta'mirlash ishlari bajarildi.

Yil yakuniga qadar 10 mingta uy-joy va 111 ta ko‘p qavatli uylarni qurib bitkazish, 1 ming 200 kilometr ichimlik va oqova suv tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish, ularning sifati va narxlarini alohida nazoratga olish zarurligi ta'kidlandi. 

Transportda yo‘lovchi va yuk tashish sifatini oshirish masalasi muhokama qilinar ekan, mutasaddilarga 10 ming kilometrlik respublika va mahalliy yo‘llarni qurish va ta'mirlash, xalqaro yuk tashishlarga ixtisoslashgan transport-logistika qo‘shma korxonalarini tuzish, Buxoro, Qarshi, Nukus va Termiz xalqaro aeroportlarini “ochiq osmon” rejimiga o‘tkazish, “Navoiy quruqlik porti”ni tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berildi. 

Qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmini oshirish, shaharsozlik normalari va loyihalashtirish jarayonlarini takomillashtirish, atrof-muhitni muhofaza qilish yuzasidan ham vazifalar belgilandi.