Shavkat Mirziyoyev narxlarning keskin oshib ketishining oldini olish masalasiga alohida e'tibor qaratdi

  • 22:56 / 14.08.2019
  • 988

Foto: Prezident matbuot-xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 14-avgust kuni mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha 2019-yilning birinchi yarmida amalga oshirilgan ishlarni muhokama qilish hamda 9 oy va yil yakuni bo‘yicha belgilangan prognoz parametrlariga erishishni ta'minlaydigan ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazildi.

Yig‘ilishda makroiqtisodiyot, tarkibiy o‘zgartirishlar, moliya-bank tizimi va xususiy tadbirkorlik masalalari muhokama qilindi. Joriy yilning birinchi yarmida mamlakat yalpi ichki mahsuloti 5,8 foiz, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 6,9 foiz o‘sgani qayd etildi. Mahalliy byudjetlar ixtiyorida 2,6 trillion so‘mdan ziyod yoki o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,5 barobar ko‘p mablag‘ qoldirildi. Byudjet daromadlari qariyb 51 trillion so‘mni yoki prognozga nisbatan 109 foizni tashkil etdi.

Bank tizimini tubdan isloh qilish, zamonaviy bank xizmatlarini joriy etish va ularning sifatini oshirish zarurligi ta'kidlandi. 

Shavkat Mirziyoyev narxlarning keskin oshib ketishining oldini olish masalasiga alohida e'tibor qaratdi. 

Dastlabki 6 oyda inflyatsiya 5,6 foizni tashkil qilib, prognoz ko‘rsatkichlaridan oshmagan. Lekin tariflar va narxlar bosqichma-bosqich bozor mexanizmlariga o‘tayotgani bois mutasaddilarga inflyatsiya o‘sishining oldini olish bo‘yicha zarur choralar ko‘rish topshirildi.