Shavkat Mirziyoyev Navoiy shahridagi “Ishga marhamat” monomarkaziga tashrif buyurdi

  • 18:54 / 13.10.2021
  • 524

Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev Navoiy shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazini borib ko‘rdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Markaz Prezidentning 2020-yil 11-avgustdagi “Kambag‘al va ishsiz fuqarolarni tadbirkorlikka jalb qilish, ularning mehnat faolligini oshirish va kasb-hunarga o‘qitishga qaratilgan hamda aholi bandligini ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq tashkil etilgan. Bu yerda mehnat bozori talablari asosida xizmat ko‘rsatish, qurilish, qishloq xo‘jaligi va texnika sohalariga oid 30 ga yaqin kasbga tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan. O‘quv va mashg‘ulot xonalari tegishli uskuna, kompyuter, mulyaj va boshqa jihozlar bilan ta’minlangan.
Prezident tashrifi davomida markazdagi mashg‘ulot jarayonlarini kuzatib, yoshlar bilan suhbatlashdi.

– Ishsiz fuqarolarimizni kasb-hunarli qilib, hayotga yo‘llanma berish uchun mana shunday sharoitlarni tashkil qilayapmiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Bundan unumli foydalanib, kasbni yaxshi o‘rgansangiz, sizlar ish emas, ish sizlarni izlaydi, daromadingiz yuqori bo‘ladi. Nechchi yoshga kirishidan qat’iy nazar, o‘qigan, izlangan, kasb egallagan odam hamisha qadrli bo‘ladi. Men sizlarning shunday qadrli bo‘lishingizni istayman.

Muassasa davlat-xususiy sheriklik tizimida ishlaydi. Mashg‘ulotlarni amaliyotchilar, tadbirkorlar, zavodlar vakillari olib boradi va keyinchalik bitiruvchilarni ishga oladi. Monomarkaz diplomi kasb-hunar maktablari diplomi bilan bir xil darajaga ega.

Shuningdek, markazda ingliz, rus, yapon, koreys tillarini o‘qitish kurslari ham ochilgan.