Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga doir qaror imzoladi

  • 19:59 / 14.09.2021
  • 134

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilarini yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarorini imzoladi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Qarorga ko‘ra, 2020-yil 1-yanvardan boshlab maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilariga foyda solig‘i bo‘yicha imtiyozlar bekor bo‘lganligi munosabati bilan mazkur soliq imtiyozlarining foydalanilmay qolgan qismi 2020-yil 1-oktabrga qadar maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilarining reyestriga kiritilgan ishtirokchilar uchun, ular tomonidan kiritilgan investitsiyalar hajmidan kelib chiqqan holda, ular reyestrga kiritilgan sanadan boshlab 3 yildan 10 yilgacha bo‘lgan muddatlarda to‘liq qo‘llaniladi.

Shu jumladan, maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilariga 2021-yil 15-sentabrdan boshlab mahsulot ishlab chiqarishda va o‘z ehtiyojlari uchun foydalaniladigan butlovchi buyumlar, xomashyo va materiallarni import qilganda qo‘shilgan qiymat solig‘i va bojxona bojini foizlar hisoblanmagan va ularning to‘lanishini ta’minlash talab etilmagan holda 120 kungacha muddatga kechiktirib (bo‘lib-bo‘lib) to‘lash huquqi beriladi.

Shuningdek, Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasi maxsus iqtisodiy zonalarning ishtirokchilariga ortiqcha qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini yetti kun ichida qoplab berish tartibiga qat’iy amal qilinadi. Bunda, kameral soliq tekshiruvi natijalariga ko‘ra qoplangan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi asossizligi aniqlangan taqdirda, mazkur summa belgilangan tartibda undiriladi.