Shavkat Mirziyoyev: “Yaratganning inoyati bilan biz qo‘shnilarmiz”. Markaziy Osiyo davlat rahbarlari tor doirada suhbatlashdi 

  • 13:43 / 29.11.2019
  • 470

Foto : Prezident Matbuot xizmati

Toshkentda Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining ikkinchi Maslahat uchrashuvi boshlandi. 

Sammit ishida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev,  Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev, Qirg‘iziston Prezidenti Sooronboy Jeenbekov,  Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon va Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov ishtirok etmoqda. 

Dastlab delegatsiyalar rahbarlarining birgalikda suratga tushish marosimi bo‘lib o‘tdi.
So‘ng davlat yetakchilarining tor doiradagi uchrashuvi o‘tkazildi. Unda Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi. 

O‘zbekiston Prezidenti hamkasblarini samimiy qutlab, ushbu uchrashuv hayot talabi, tomonlarning yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash va sheriklikni kengaytirishga intilishi ifodasi ekanini ta’kidladi.  


“Yetakchilarning mazkur uchrashuvi oliy darajadagi mintaqaviy muloqotni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqadi”, deyiladi O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati xabarida. 

– Yaratganning inoyati bilan biz qo‘shnilarmiz. Xalqlarimizning tarixi va taqdiri, kelajagi chambarchas bog‘liq. Bu esa mintaqamizni birlashtiruvchi katta kuchdir, – dedi Shavkat Mirziyoyev. 

O‘zbekiston davlat rahbari Markaziy Osiyoda ko‘p tomonlama hamkorlik bo‘yicha yagona nuqtai nazarni kelishish zarurligini ta’kidlab, uning asosiy yo‘nalishlari haqida fikrlarini bildirdi. 

Xususan, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mashinasozligi, avtomobilsozlik, elektrotexnika, to‘qimachilik sanoati, agrar tarmoqda faol hamkorlik qilishga tayyor ekani aytdi. 

Shuningdek, Toshkentda Markaziy Osiyo mamlakatlari investitsiyaviy forumini tashkil etish, savdo-sanoat palatalari rahbarlari uchrashuvlarini har yili o‘tkazishni taklif qildi. 

Ikkinchi muhim yo‘nalish – mintaqaning transport jihatidan o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlash va tranzit salohiyatini ro‘yobga chiqarish.
Markaziy Osiyoning transport tizimi yaratilayotgan zamonaviy logistika infratuzilmasidan foydalangan holda mintaqa ichida uzluksiz kommunikatsiyani ta’minlashi, shuningdek, tobora ortib borayotgan tranzit oqimlariga samarali xizmat qilishi lozimligi ta’kidlandi. 

Transport kommunikasiyalari bo‘yicha mintaqaviy kengash tuzilishini, Markaziy Osiyo transport tizimini birgalikda rivojlantirish bo‘yicha dastur va bitimning kelishilishini tezlashtirish muhimligi qayd etildi. 

Uchinchidan, mintaqaning uzoq muddatli manfaatlarini hisobga olgan holda energetika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish zarurligi, O‘zbekiston qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ulushini oshirish, zamonaviy energetika infratuzilmasini yaratish borasidagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekani ta’kidlandi.  

O‘zbekiston Prezidenti Markaziy Osiyoning yagona, ko‘pchilik taniydigan turizm brendi, mintaqa uchun umumiy bo‘lgan jozibador turizm mahsulotlarini shakllantirish lozimligiga e’tibor qaratdi. 

Shavkat Mirziyoyev shu maqsadda “Markaziy Osiyo bo‘ylab sayohat” xalqaro turizm konferensiyasini o‘tkazish taklifini bildirdi. 

Shuningdek, u suvdan foydalanish borasidagi muammolarni hal etishga doir o‘zaro kelishilgan yondashuvlarni ishlab chiqishni taklif etdi. Afg‘onistonda tinchlik, milliy murosa va iqtisodiy tiklanishga erishishga ko‘maklashish yo‘lida mintaqa mamlakatlarining sa’y-harakatlarini muvofiqlashtirish muhim ekanini ta’kidladi.