Shifokorlarning dorixonalar bilan “hamkorligiga” chek qo‘yiladi

  • 11:15 / 16.06.2020
  • 1037

Shifokorlarning farmatsevtika tashkilotlari bilan “hamkorligiga” chek qo‘yiladi. Bu borada O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi Qonuniga qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun loyihasi eʼlon qilindi.
 
Taklif etilayotgan qo‘shimchalar tibbiyot tashkilotlari va dorixonalar rahbarlari va xodimlarining huquqbuzarliklar sodir etishi hamda vakolatlarini suiisteʼmol qilishga undovchi usullardan foydalanishi oldini olishga qaratilgan.
 
Unga ko‘ra, tibbiy muassasalar rahbarlari va tibbiyot xodimlariga quyidagilar taʼqiqlanadi:
 
dori vositalarining savdo nomidan foydalanish huquqiga ega bo‘lgan, dori vositalarini ishlab chiqarish va (yoki) sotish bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar, dori vositalari va tibbiy buyumlarni ulgurji realizatsiya qilishni amalga oshiruvchi tashkilotlar, dorixonalar, ularning filiallaridan hamda ularning nomidan faoliyat yurituvchi vakillar yoki boshqa jismoniy va yuridik shaxslardan moliyaviy mukofotlar, moddiy va nomoddiy ko‘rinishdagi har qanday rag‘batlar olish;
 
farmatsevtika tashkilotlari hisobidan amalga oshiriladigan ko‘ngilochar tadbirlarda ishtirok etish yoki sayohat qilish;
 
farmatsevtika tashkilotlari, dorixonlar va ularning vakillari bilan dori vositalarini tayinlash yoki bemorlarga tavsiyalar berish bo‘yicha shartnomalar tuzish;
 
farmatsevtika tashkilotlari va ularning vakillaridan dori vositalari namunalari va tibbiy buyumlarni olish, shuningdek dori vositalari va tibbiy buyumlarni bemorlarga va tibbiy muassasaga tashrif qiluvchilarga berish;
 
dori vositalarini tayinlashda ushbu dori vositalari to‘g‘risida bemorlarga noaniq va (yoki) to‘liq bo‘lmagan maʼlumotlar berish, shuningdek tayinlanayotgan dori vositalari analoglarining muomalada mavjudligi haqidagi maʼlumotlarni yashirish;
 
farmatsevtika tashkilotlari vakillari bilan tibbiy muassasa hududida, shuningdek kasbiy faoliyatini amalga oshirishda uchrashish;
 
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanmagan retsept blankalarida retsept yozish va berish.