Shifokorlarning xato fikr uyg‘otadigan gaplari

  • 11:49 / 23.12.2014
  • 5679

Ba'zan shifokorlar nima uchundir noto‘g‘ri fikr aytib, odamzodda noto‘g‘ri xulosalar shakllanib qolishiga sababchi bo‘ladi. Bu xato xulosalar odamzodga xos yalqovlik, zararli odatlar, o‘z ustida ishlashni va turmush tarzini o‘zgartirishni xohlamasligini, kamchiliklari kuchaytiradi. Oqibatda shifokorlar o‘zlari va hamkasblarining ishini qiyinlashtirishadi. Axir Mixail Veller aytganidek, “Kasalliklar dorilar bilan tuzalmaydi, azizlarim... to‘g‘ri yashash kerak...” 

Shunday qilib, shifokorlarning qaysi gaplariga ko‘r-ko‘rona ishonmaslik kerak? Quyida bu haqda bilib olasiz. 

1. Sizda moddalar almashinuvi buzilgan, ozishingizdan foyda yo‘q.

Aslida, unday emas. Semirishga moyillik tug‘diradigan ko‘plab omillar bor — irsiyat, genlar mutatsiyasi, gormonal buzilishlar va hokazo. Biroq ularning hech biri fizika qonunini buzmaydi: odam sarf qilganidan ko‘proq quvvat iste'mol qiladi. Agar sizda moddalar almashinuvi buzilgan deyishsa, moddalar almashinuvi me'yorida bo‘lgan tengdoshingizga nisbatan kamroq yeb, ko‘proq harakat qilishingiz kerak. Ko‘pchilik o‘zini gormonal buzilishlar bilan oqlaydi. Bu o‘rinda ham vaznni kamaytirish uchun iroda, sabr va davolovchi diyetolog vrach yoki endokrinologning tavsiyalariga qat'iy amal qilish kerak bo‘ladi.

2. Ozish uchun sport bilan shug‘ullanish shart emas, shunchaki kamroq yeyish kerak.

Albatta, sutkalik kaloriyaning kamayishi va olinayotgan quvvat bilan sarflanayotgan quvvatning mutanosibligi ozish jarayonida birinchi darajali hisoblanadi. Ammo muntazam jismoniy mashqlar, ayniqsa, kardiomashqlar qo‘shimcha kaloriyalarni sarflash va moddalar almashinuvi tezlashishiga yordam beribgina qolmay, butun organizmga ijobiy ta'sir qiladi. Qolaversa, vaqt o‘tgach, o‘rtacha yuqori samarali mashqlar tort yoki pitssa bo‘lagini ozish jarayoniga zarar yetkazmasdan yeyish imkonini beradi. 

3. Agar belingiz og‘risa, kamroq harakat qilib, korset taqishingiz kerak.

Bu belda kuchli og‘riqlar bo‘lgandagina to‘g‘ri. Kuchli og‘riqlar davomida bir necha kunga harakatni cheklash zarur. Yotish imkoni bo‘lmaganda, tananing og‘riyotgan qismiga tushadigan og‘irlikni kamaytiradigan maxsus bel korseti kiyish tavsiya etiladi. Kuchli og‘riqlar kamaygan sari, albatta, davolash gimnastikasini bajarish, ortopedik korset taqishni esa kuniga uch soatga tushirish zarur. Aks holda, bel mushaklari asta-sekin kichrayib qurib qoladi. Shifokordan belni asrash kerakligini eshitgan bemorlar esa og‘riqlardan qo‘rqib, jismoniy mashqlardan uzoq vaqt voz kechishadi. 

4. Osteoxondrozni davolab bo‘lmaydi. Belingiz doim og‘rishiga ko‘niking.

Davolab bo‘lmaydi, ammo yillar davomida bezovta qilmasligi uchun chora ko‘rish mumkin. Va zarur. Bu chora og‘riq va o‘tkir yallig‘lanishdangina xalos etadigan og‘riqni qoldiruvchi dorilar hamda xondroprotektorlar bilan emas, turmush tarzini o‘zgartirish bilan ko‘riladi. Mushak korsetini cho‘zish va mustahkamlash uchun muntazam, to‘g‘ri tanlangan jismoniy mashqlar, suzish, ish joyini to‘g‘ri tashkil qilish (ortopedik stul, avtomobil o‘rindig‘idagi bel yostiqchasi, kompyuter yonidan turib, mashq qilish odati) , og‘irlikni to‘g‘ri ko‘tarish, normal poyabzal kiyish (bu baland poshnani yaxshi ko‘radigan qizlarga tegishli) kabilar kelajakda osteoxondroz xurujidan asrashi mumkin. 

5. Sizda umurtqalararo disk churrasi bor, endi hech qachon sport bilan shug‘ullanishingiz mumkin emas.

Bu bemorning salomatligi uchun mas'uliyatni o‘z zimmasiga olgan shifokorning o‘z xavfsizligi uchun o‘ylab topilgan bo‘lsa kerak (masalan, shifokor qabuliga yana jangga kirishishga tayyor sportchi kelgan bo‘lsa). 

Albatta, “disk churrasi” degan tashxis kundalik jismoniy faollikka ayrim cheklovlar qo‘yishni talab etadi. Biroq jismoniy mashqlardan butkul voz kechib, kam harakat qilish vaziyatni badtar og‘irlashtiradi — ortiqcha vazn paydo bo‘ladi, bel korseti mustahkam bo‘lmaydi, har qanday noqulay harakatda disk yanada “chiqib” ketishi mumkin. Bunday tashxis qo‘yilganda, umurtqaga og‘irlik tushishidan, sakrashdan, ayniqsa, qattiq yuzaga sakrashdan, giperekstenziya va yon tomonlama burama harakatlar qilishdan saqlanish lozim (aniq tavsiyalarni shifokor churra yo‘nalishiga qarab beradi). Umurtqalararo disk churrasida suzish, pilates, kalanetika, umurtqaga mo‘ljallangan yoga kabi mashqlar juda mos keladi.

6. Ko‘rish qobiliyatingiz biroz pasaygan bo‘lsa, darhol ko‘zoynak taqishingiz kerak.

Tekshiruv chog‘ida shifokor bu shikoyat sababini aniqlaydi. Ko‘zning jiddiy kasalligi bo‘lmasa, ko‘rish qobiliyatining pasayishi ko‘pincha shunchaki toliqish va ko‘z mushaklarining zaifligi — kompyuter oldida uzoq ishlash, to‘yib uxlamaslik, yaxshi yoritilmagan joyda ishlash va hokazolar bilan izohlanadi. Bunday holatda ko‘zoynak vaziyatni badtar og‘irlashtiradi, ko‘z mushaklari umuman ishlamay qo‘yadi, ularning ishini ko‘zoynak bajaradi. Har qanday mushak singari ularni ham mashq qildirish kerak. Bunda, har doimgidek, ko‘z gimnastikasi (kuniga 10-15 daqiqa) yordam beradi. 

7. Vazningiz me'yorida bo‘lsa, yog‘li taomlar tanovulini cheklashingiz shart emas.  

Yog‘li taomlarni (birinchi navbatda, hayvon yog‘larini) ko‘p miqdorda tanovul qilish qonda xolesterin miqdori ko‘payishiga olib keladi. Vazn me'yorida bo‘lganda ham, tomir devorlarida xolesterin yig‘ilaveradi (ateroskleroz), oqibatda, xolesterin osilmachalari paydo bo‘lib, tomir yo‘lini toraytiradi. Bu osilmachalar uzilishi (tromb) va yurak tomiri (infarkt) yoki miya tomiri tiqilib qolishi (insult) yoki arteriya yo‘lining nihoyat darajada torayib ketishi yomon oqibatlarga olib keladi. Aterosklerozning rivojlanish jarayoni uzoq, yosh o‘tgan sari organizmning yog‘lardan qutulishi qiyinlashadi. Agar odam avvalgidek ovqatlanaversa, xolesterin qonda tezroq yig‘iladi. Shuning uchun odam yoshlikdan o‘zini yog‘li taomlardan tiyilishga o‘rgatib borishi kerak.  

Davolovchi shifokoringizga ishonib, uning tavsiyalariga amal qiling. Lekin esingizda bo‘lsin, sizning salomatligingiz va go‘zalligingiz — sizning ishingiz va mas'uliyatingiz. Agar siz har gal shifokor qabulida dorilar nomini yozib olib, ovqatlanish bo‘yicha tavsiyalar va mashqlar qog‘ozini shifokor stolida unutib qoldiraversangiz, keyingi tashrifingizda aynan shu gaplar aytiladi. Chunki bunday bemorlarga tushuntirishdan ko‘ra “sehrli dori”ni yozib berish osonroq. Axir shifokorlar ham o‘z asablarini asrashi kerak-ku.

Sog‘ bo‘ling! 

Teglar